“КАМАЗ” 400 nafar o‘zbek migrantini ishga qabul qiladi

  • 10:57 / 14.08.2021
  • 405

Tataristonning Naberejniye Chelni shahriga 400 nafar o‘zbek migrant ishlash uchun borishi ma’lum bo‘ldi. Bu haqida “Sputnik Узбекистан” nashri xabar berdi. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uy-joy, ijtimoiy kafolatlar va imtiyozlar bilan ta’minlanadi. 

Qayd etilishicha, “КАМАЗ” yo‘l xarajatlarini to‘liq o‘z bo‘yniga oladi va ishchilarga tibbiy sug‘urta berishini ma’lum qilgan. 

Ma’lumot uchun, joriy yilning 16-iyun sanasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tatariston Prezidenti Rustam Minnixanov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgandi. Ushbu uchrashuvda ustuvor yo‘nalishlarda kooperatsiya bo‘yicha qo‘shma loyiha va dasturlarni ilgari surish uchun keng imkoniyatlar mavjud ekanligi haqida ma’lum qilingandi.

Xususan, uchrashuvda talab yuqori bo‘lgan sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish maqsadida keng savdo-logistika tarmog‘ini rivojlantirish zarurligi ta’kidlangandi.