Kanadada avtomobil haydovchisi musulmon oilasini urib yubordi. YTH qasddan sodir etilgani aytilmoqda

  • 11:35 / 08.06.2021
  • 78

Kanadaning London shahrida 20 yoshli yigit ataylab besh kishilik musulmon oilasini o‘z avtomobilida urib ketdi. Bu haqda 7-iyun dushanba kuni mahalliy politsiya xabar berdi.

“6-iyun, yakshanba kuni beshta fuqaroni avtomobil urib yubordi. Jabrlanganlarning barchasi bitta oila a‘zolari edi. Tergovchilar bu voqeani qasddan qilingan deb, hisoblashmoqda. Qurbonlar hammasi islom diniga e’tiqod qilishgan”, deyiladi politsiya hisobotida.

Halok bo‘lganlar orasida 74 yoshli ayol, 46 yoshli erkak, 44 yoshli ayol va 15 yoshli qiz bor.9 yoshli bola tirik qolgan va hayot uchun xavfli bo‘lmagan jarohatlar bilan kasalxonaga yotqizilgan.
 
Ma’lum qilinishicha, politsiya avtomobil haydovchisini hibsga olgan. Ayblanuvchi 20 yoshli mahalliy aholi vakili Nataniyel Veltman bo‘lib chiqdi. Uning ishi bo‘yicha sud jarayoni 10-iyun kuni bo‘lib o‘tadi. Tergov ushbu hodisani “nafratga asoslangan, qasddan qilingan ish”, deb atadi.

O‘z navbatida, mashina musulmon oilasini qasddan urib yuborgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi xabarlardan so‘ng, Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo Kanadadagi islomofobiyani to‘xtatishga chaqirdi.

Shuningdek, u ushbu yangilikdan “dahshatga tushganini” va barcha Kanada musulmonlari bilan birdamligini bildirdi.