Kattaqo‘rg‘on shahar Drama teatrida qariyb 217 mln. so‘m talon-taroj qilingan

  • 15:24 / 17.07.2021
  • 101

Joriy yilning may-iyun oylarida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Samarqand shahar madaniyat bo‘limi, Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatri hamda Samarqand viloyati qo‘g‘irchoq teatrida davlat xaridlari, davlat mulkini boshqarish va undan foydalanishda qonun hujjatlariga rioya etilishi yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazilgan.

Tadbirlar davomida bir qator qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar qilmoqda.

Jumladan, Samarqand viloyati qo‘g‘irchoq teatrida o‘tkazilgan o‘rganishda ko‘p yillik mehnat uchun ustama to‘lovlari to‘lanishi mumkin bo‘lmasada, 2019-2020-yillarda jami 59 miln. 430,4 ming so‘mlik qo‘shimcha to‘lovlar noto‘g‘ri to‘lab berilganligi ma’lum bo‘ldi.

Mazkur holat yuzasidan 2021-yil 8-iyul kuni prokuratura idoralari tomonidan viloyat qo‘g‘irchoq teatri mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, mazkur hujjatlarning Samarqand shahar madaniyat bo‘limiga nisbatan bo‘lgan qismi 2021-yil 9-iyulda Samarqand shahar prokuraturasi ish yurituvidagi shahar madaniyat bo‘limi xodimlariga nisbatan bo‘lgan jinoyat ishiga qo‘shilgan.

Bundan tashqari, Kattaqo‘rg‘on shahar Drama teatrida o‘tkazilgan o‘rganishlarda qayd etilgan qonun hujjatlariga rioya qilinmaganligi natijasida, 2019-2020-yillarda 216 mln. 566,5 ming so‘mlik ish haqi va ustama to‘lovlar noto‘g‘ri to‘langanligi aniqlangan.

Ushbu holat yuzasidan Kattaqo‘rg‘on shahar Drama teatri mansabdor shaxslariga nisbatan 2021-yil 13-iyul kuni Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Teglar