Kelgusi yildan kameral soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha aniqlangan huquqbuzarliklar uchun moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilmaydi

  • 21:59 / 07.09.2021
  • 148

Soliq majburiyatlarini bajarishda tadbirkorlik subektlariga yanada qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni e’lon qilindi.

Farmonga ko‘ra, 2022-yil 1-yanvardan boshlab kameral soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha aniqlangan huquqbuzarliklar uchun moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilmaydi. Shu jumladan, tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan soliq hisobotini belgilangan muddatlarda taqdim etmaganlik uchun moliyaviy sanksiyalar bekor qilinadi.

Shuningdek, davlat soliq qo‘mitasining 2022-yil yanvar – iyul oylarida eksperiment tariqasida Xorazm viloyati davlat soliq boshqarmasida hisobda turgan soliq to‘lovchilarning qo‘shilgan qiymat solig‘i, aksiz solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i bo‘yicha soliq hisobotlarining soliq organlari tomonidan hisoblab chiqarilishi va shakllantirib berilishi to‘g‘risidagi taklifi qo‘llab-quvvatlanadi.

Soliq organlari yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini – Kadastr agentligi organlari ma’lumotlari asosida, qo‘shilgan qiymat solig‘i, aksiz solig‘i va aylanmadan olinadigan soliqni – elektron hisobvaraq-faktura va onlayn nazorat-kassa texnikasi ma’lumotlari hamda soliq organlarida mavjud boshqa ma’lumotlar asosida hisoblab chiqaradi va soliq hisobotini shakllantiradi.

Shu qatorda, soliq organlari tomonidan shakllantirilgan soliq hisoboti soliq to‘lovchilar uchun belgilangan tegishli soliq hisobotini taqdim etish muddatidan kamida 10 kun oldin soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali yuboriladi.

Bundan tashqari, soliq to‘lovchi soliq organlari tomonidan shakllantirilgan soliq hisobotini olgan kundan boshlab 5 kun ichida uni tasdiqlaydi yoki, agar e’tirozlari mavjud bo‘lsa, uni rad etgan holda, soliq hisobotini qayta ishlaydi va o‘rnatilgan tartibda soliq organlariga taqdim etadi.

2022-yil 1-yanvarga qadar soliq to‘lovchilarga qo‘shilgan qiymat solig‘i, aksiz solig‘i va aylanmadan olinadigan soliqni hisoblash uchun zarur bo‘lgan soliq solish ob’ekti yoki soliq solish bilan bog‘liq boshqa ob’ektlarni elektron hisobvaraq-fakturalarda aks ettirish imkoniyatlari yaratiladi.