Keraksiz buyumlar xarididan tiyilishning 5 usuli

  • 09:49 / 13.09.2021
  • 135

Oʻzingiz uchun keraksiz boʻlgan buyumlarni ham xarid qilish odatingiz bormi? Ushbu odat moliyaviy holatingizga jiddiy zarar yetkazyaptimi? Unday boʻlsa, bizning tavsiyalar aynan siz uchun.

1. Har qanday buyumni ongli ravishda xarid qilishga odatlaning.

Nima uchun ishlatilishi, qanday foydalanishni bilmagan buyumlaringizni xarid qila koʻrmang. Koʻp hollarda tovlamachilar oddiy buyumlarni ham osmonga koʻtarib maqtashadi-da qimmat narx evaziga qoʻlingizga tutqazishadi. Uyga kelib, sotib olgan buyumlaringizni koʻzdan kechirgan vaqtingizda sotuvchi taʼriflagan sifat yoki funksiyalardan asar ham boʻlmaydi.

2. Imkon boʻlsa hech kimdan qarz ham, kredit ham olmang

Qarz yoki kredit olgan vaqtingizda miya sizda pul borligi haqidagi tasavvur hosil qiladi. Shu tariqa aslida oʻzingizga tegishli boʻlmagan pulni bor deya tasavvur qilasiz va mana shu tasavvurga aldanib qolasiz.

3. Biror buyumni xarid qilishdan avval oʻzingizga savol berib koʻring:

- Bu oddiy istakmi yoki zarurat?

- Menga kerakli narsa aynan mana shumi?

- Ushbu buyumdan foydalanishim aniqmi?

- Undan qanchalik koʻp foydalanaman? Har kunimi yoki onda-sonda?

- U vaqt va pul sarf etishimga arziydimi?

4. Chegirmaga tushgan buyumlarni sotib olmang.

Biror buyumga chegirma eʼlon qilingani sizning rejalashtirilmagan xaridingizga sabab boʻlmasligi lozim. Tartibsiz va rejalashtirilmagan xaridlar oʻzingiz moʻljal qilgandan koʻproq pul sarflashga sabab boʻladi.

5. Kattaroq buyum xarid qilmoqchi boʻlsangiz, u haqida koʻproq oʻylang.

Ushbu buyum haqida xayol qilib, uhlashga yoting. Agar tongda xarid haqidagi fikr yodingizdan koʻtarilgan boʻlsa, demak unga ehtiyoj boʻlmagan. Marketingda “Ertagacha tugab qolishi mumkin” qabilidagi ayyorona usul mavjud. Buyum haqida uzoq oʻylash esa ana shu hiyla domiga ilinmaslikka yordam beradi.