Kim Chen In KXDRda ocharchilik xavfini e’lon qildi

  • 12:06 / 16.06.2021
  • 402

KXDR yetakchisi Kim Chen In Koreya Ishchilar partiyasi Markaziy qo‘mitasining plenumida so‘zga chiqib, mamlakatda ocharchilik bo‘lishi mumkinligi haqida e’lon qildi. 

Inning so‘zlariga ko‘ra, oziq-ovqat bilan bog‘liq keskin vaziyat 2020-yilda sodir bo‘lgan to‘fon tufayli yuzaga kelgan. Bu haqda TASS xabar beradi.

Shimoliy Koreya rahbarining aytishicha, o‘tgan yilgi to‘fon g‘alla yetishtirish rejasini amalga oshirishga xalaqit bergan. Shu sababli, mamlakatda aholini oziq-ovqat bilan ta’minlash bilan bog‘liq keskin vaziyat rivojlanmoqda.

Kim Chen In mamlakatda koronavirus tarqalishiga qarshi qo‘llanilgan choralar vaziyatni yanada og‘irlashtirdi, deb hisoblaydi. Uning fikriga ko‘ra, qabul qilingan cheklovlar “aholini kiyim-kechak, oziq-ovqat va uy-joy bilan ta’minlash uchun kurash”ni sekinlashtirdi.

Ta’kidlanishicha, KXDR yetakchisi partiya va mamlakat aholisini yangi “Qiyin vaziyat”ga tayyor bo‘lishga chaqirgan. Ushbu atama mamlakat og‘ir iqtisodiy inqirozga uchragan va katta ocharchilik yuz bergan 1990-yillarga tegishlidir.

Teglar