“Kimgadir 2 million so‘m, kimgadir 5 million so‘m” – vazir o‘rinbosari iste’mol savatchasi haqida

  • 14:37 / 23.04.2021
  • 174

Senatning navbatdagi yalpi majlisida aholining minimal iste’mol savatchasi haqida ham to‘xtalib o‘tildi.

Unda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov aholining minimal iste’mol savatchasini ishlab chiqishda qanday qoidalarga e’tibor qaratilayotgani xususida ma’lumot berdi.

–  Hozirda bu borada Farmon loyihasi tayyorlanyapti. Jahon banki bilan minimal iste’mol xarajatlarini kiritishda umuman boshqacha tajribasini taklif qilyapmiz. Unga ko‘ra, butun jamiyatda kuzatuv olib boriladi. O‘zbekiston misolida oladigan bo‘lsak, biz o‘tgan yili 4 600 ta uy xo‘jaligida kuzatuv olib borganmiz. Jahon banki Davlat statistika qo‘mitasiga planshetlar olib berib, kuzatuv boshlandi. Lekin olgan ma’lumotlarimizda xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan bo‘lishi mumkinligi e’tiboridan bu yil qayta hisoblashni o‘tgan yilgi xatolardan holi tarzda olib borishni hamda uy xo‘jaliklari sonini 10 mingga yetkazishni rejalashtiryapmiz. 

Yangicha uslubdagi kuzatuvlar olib boriladigan aholi qatlami turlicha bo‘ladi. Jumladan, 10 mingta uy xo‘jaligining 30 foizini xarajatlari past aholi qatlami tashkil qiladi. Ularning xarajat qilish xususiyati o‘rganiladi, – dedi vazir o‘rinbosari.

Ilhom Norqulov shuningdek, bunda moliyaviy-iqtisodiy imkoniyatlardan kelib chiqish kerakligini, biror summani belgilanganidan keyin uni ishlatishga iqtisodiy imkoniyat bo‘lmasa, foydasi yo‘qligini ta’kidlaydi. 
–  Iste’mol savatchasi real holatdan, ya’ni odamlarning daromad olish imkoniyatidan kelib chiqib belgilanishi kerak. Boshqacha qilib aytadigan bo‘lsak, biz 5 ta farzandi bor oilaga 5 mln berishimiz, lekin bu miqdor mazkur oilaga yetarli bo‘lmasligi mumkin. Deylik, ular 7-8 million so‘mlik xarajatga o‘rgangan.
Lekin ma’lum bir guruhdagi aholining 5 kishilik oilasi 2-3 million so‘m bilan o‘zlarining bazaviy ehtiyojlarini qondirish imkoniyatiga ega. Chunki ularda narxni tanlash, o‘zlarining korzinkasini diversifikatsiya qilish imkoniyatlari bo‘lishi mumkin.
Shu nuqtai nazardan biz real holatlardan va imkoniyatlarimizdan kelib chiqib ish olib boryapmiz, – deydi Ilhom Norqulov.

O‘z navbatida Senat Raisi vazir o‘rinbosari bildirgan fikrlarga o‘z munasabatini bildirdi.

–  “Kimgadir 2 mln so‘m, kimgadir 5 mln so‘m”, deyishlik noto‘g‘ri yondashuv. Bunda xalqaro standartlarni asos qilib olish kerak. Shuningdek, hududlar xususiyatini ham inobatga olishingiz kerak, – dedi Senat Raisi vazir o‘rinbosari fikrlariga munosabat bildirib.

Eslatib o‘tamiz, Davlat dasturining 145-bandiga ko‘ra aholining minimal ite’mol xarajatlarini e’lon qilish amaliyotini joriy qilish joriy yil 1-martga mo‘ljallangan edi.