“Klon” seriali qahramonlari bugun qanday koʻrinishda?

  • 15:45 / 12.10.2021
  • 187

Braziliyalik ijodkorlar tomonidan suratga olingan “Klon” seriali taqdim qilinganiga 20 boʻldi. U tomoshabinlar eʼtiboriga sazovor boʻlgan, muxlislarni qahramonlar hayoti bilan yashashga majbur qilgandi. Mashhur serialda rol ijro etgan aktyor va aktrisalar bugun qanday koʻrinishda?

Jovanna Antonelli (Jadi) – 45 yosh

Jovanna Antonelli “Klon” serialida suratga tushishga taklif etilganida allaqachon mashhur aktrisalar qatorida edi. Jovanna mashhurlikka erishishidan avval 1997-yilda turmushga chiqqan, ammo keyinchalik turmush oʻrtogʻi bilan ajrashgan. Aktrisa shundan keyin “Klon” serialidagi hamkasbi- Lukas roli ijrochisi Murilo Benisioga koʻngil beradi. Ijodkorlar juftligi oila qurib, 2005-yilda oʻgʻil farzand koʻrishgan. Ammo, taniqli juftlik ham bir necha yildan soʻng ajralishga qaror qilganlar.

Jovanna Antonelli ayni vaqtda rejissyor Leonardo Nogeyraga turmushga chiqqan, egizak qizaloqlari — Antoniya va Sofiya, shuningdek oʻgʻlining tarbiyasi bilan band. Aktrisa sobiq turmush oʻrtogʻi Murilo Benisio bilan ham doʻstona aloqalarni saqlab qolgan, ularni oilaviy bayramlarda oʻgʻillari bilan birga koʻrish mumkin.

Murilo Benisio (Lukas, Dioga, Leo) – 50 yosh

Jovanna Antonellidan farqli oʻlaroq, Murilo “Klon” serialigacha oʻz yurtida mashhur aktyor boʻlmagan. Mazkur serialda suratga tushganidan keyin haqiqiy shon-shuhratga erishgan.

Aktyor “Klon” serialida uning qizi Mel rolini ijro etgan aktrisa Debora Falabella bilan oila qurgan. Debora aktyordan 8 yoshga kichik edi. Ular birgalikda 8 yil hayot kechirdilar, 2019-yilda esa ajrashganlari maʼlum boʻldi. Aktyor rafiqasi bilan nima uchun ajrashgani va ayni vaqtda nimalar bilan mashgʻul ekanligi nomaʼlum.

Eliane Jiardini (Nazira) – 68 yosh

Serialda oʻziga xos obrazda koʻrinish bergan aktrisa Eliane Jiardini 1973-yilda aktyor Paolo Betti bilan oila qurgan, ular 23 yil birga hayot kechirganlar. Aktrisa ikki nafar qiz farzandlik boʻlgan. 1990-yil oxirlariga kelib juftlik kutilmaganda ajrashishga qaror qiladi. Shundan keyin aktrisa boshqa oila qurmagan.

Dalton Vig (Said) – 57 yosh

Dalton Vig kino olamiga kirib kelishidan avval oʻzini turli yoʻnalishlarda sinab koʻrgan. Lekin, unga haqiqatdan muvaffaqiyat olib kelgan yoʻnalish kino boʻldi. U oʻz intervyularida Said rolini ijro etishda qiyinchiliklarga duch kelgani, tabiatan rahmdil va yumshoq koʻngil boʻlgani uchun qahri qattiq va magʻrur Said rolini ijro etishga qiynalganini bir necha bor takrorlagan.

Aktyor 2012-yilda aktrisa Kamila Cherkes bilan oila qurgan. Ularning David va Artur ismli oʻgʻillari bor. Dalton Vig bugungi kunda teatr sahnasida faoliyat olib boradi, vaqtining asosiy qismini oʻgʻillarining tarbiyasiga bagʻishlaydi.

Debora Falabella (Mel) – 42 yosh

Serialda Lukas va Maizaning yagona qizi – Mel rolini ijro etgan aktrisa keyinchalik aktyor Murilu Benisio bilan oila qurgan, bir necha yildan soʻng nomaʼlum sabablarga koʻra turmushidan ajrashgan. Debora Falabella bugungi kunda ham ijod qilish bilan band.