“Ko‘cha”ni kim boshqarishini aytib chiqqan tiktokerlar 7 sutkaga qamaldi

  • 10:14 / 11.06.2021
  • 80

Ijtimoiy tarmoqlarda davlat organlari sha’niga putur yetkazuvchi nomaqbul so‘zlarni aytib, ularni obro‘sizlantirgan "tiktoker"larga qamoq jazosi tayinlandi. Bu haqda Samarqand viloyati IIB xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, video shu yilning 7-iyun kuni 3 nafar "tiktoker" tomonidan tasvirga olingan. Unda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari ustidan kulishga uringani aks etgan.

Holat jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida ko‘rib chiqilib, ayblanuvchilarga nisbatan ma’muriy javobgarlik kodeksining 183-moddasi bo‘yicha 4 sutkadan 7 sutkagacha qamoq jazosi qo‘llanildi. Shuningdek, aybdorlar ushbu xatti-harakatlari uchun uzr so‘rashgan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Olmaliq shahridagi “Ona va bola” haykali ustiga chiqib, hurmatsizlik qilgan E.S. ismli "tiktoker" qiz javobgarlikka tortilgani haqida xabar berilgan edi.