Kommunal to‘lovlar uchun to‘langan qariyb 40 million so‘m pul qalloblik yo‘li bilan o‘zlashtirilgan

  • 16:31 / 10.06.2021
  • 410

Kommunal to‘lovlar uchun to‘langan pullarni o‘zlashtirgan korxona rahbari va ishchisiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Karmana tuman bo‘limi tomonidan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi. 

Unda, “N.A.” xususiy korxonasi rahbari A.I. va operatori P.M.lar “Paynet” shahobchasi orqali kommunal to‘lovlar uchun aholidan qalloblik yo‘li bilan to‘lovlar qabul qilishgan.

Tekshiruvlar natijasida, ular ushbu to‘lovlarni abonentning hisob raqamiga o‘tkazmasdan, fuqarolarga to‘lov amalga oshirilganligi haqida kvitansiyalarni taqdim qilishib, jami 244 nafar fuqaroning 39,8 mln so‘m pullarini qo‘lga kiritganliklari aniqlangan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.