Koreyada bir oy ichida 43 nafar o‘zbekistonlik koronavirus yuqtirib olgan

  • 17:12 / 27.07.2021
  • 340

O‘zbekistonning Koreya Respublikasidagi  elchixonasi konsuli Haydar Fayziyev Koreya davlatida bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarga ogohlantirish bilan chiqdi.

Elchixona konsuliga ko‘ra, keyingi paytlarda Koreya Respublikasi hududida COVID-19 infeksiyasiga chalinish holatlari rekord darajaga chiqib bormoqda.

Mamlakat bo‘ylab joriy etilgan 3 va 4-darajali himoyalanish tartibi mamlakat aholisi va xorijiy fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida tashkil qilingan bo‘lib, unga rioya qilish mamlakatda bo‘lgan har bir shaxsning mas’uliyati hisoblanadi.

Biroq mamlakat tomonidan qo‘llanilayotgan tartib-qoidalarga qaramasdan pandemik holat yaxshi tomonga o‘zgarmayapti.

Bunga asosiy sabablardan biri o‘rnatilgan tartib-qoidalarga rioya qilmasdan odamlarni oshxonalarda, ko‘ngil ochar joylarda, turli tadbirlarda ko‘pchilik bo‘lib yig‘ilishlarida, deb qaralmoqda.

Shuningdek, odamlarning pandemik holat yomon bo‘lgan hududdan boshqa hududga borish va u yerdagilar bilan yaqin muloqotda bo‘lishi natijasida bu hududda ham kasallanishni ko‘payishiga olib kelmoqda.

Koreya Respublikasi Bandlik va mehnat vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, birgina joriy yilning iyul oyida mamlakat hududida bo‘lgan 43 nafar O‘zbekiston fuqarolari (asosan migrant ishchilar) o‘rnatilgan tartib-qoidalarga rioya qilmaganliklari sababli COVID-19 infeksiyasiga chalingan.

O‘zbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi elchixonasi ushbu mamlakatda bo‘lib turgan barcha fuqarolardan, ayniqsa, shartnoma asosida ishlayotgan migrant ishchilardan mamlakatda pandemik holatni oldini olish bo‘yicha o‘rnatilgan tartib-qoidalarga qat’iy rioya qilishlarini, dam olish va ta’til kunlari o‘zini va atrofidagilar xavfsizligini o‘ylab uyda qolishlarini, ko‘pchilik bo‘lib yig‘ilmaslik hamda o‘ta zarur bo‘lmagan holatlarda bir hududdan ikkinchi hududga bormasliklarini tavsiya etmoqda.