Kriptovalyutalar kelgusida qog‘oz pullarimizning o‘rnini egallaydimi?

  • 06:29 / 24.07.2021
  • 342

Negadir ko‘pchilik bitcoin(yoki istalgan boshqarilmaydigan kriptovalyuta)ni kelajakda asosiy muomala vositasi bo‘ladi, deb o‘ylashadi.

Ya’ni, qanchondir yaqin kelajakda insoniyat markaziy bank qonuniy deb chiqargan pullar (fiat money)dan voz kechib kriptovalyutalarni asosiy vosita sifatida ishlata boshlashi haqida juda ko‘p o‘qib qolaman. Boshqacha aytganda, butun monetar tizim markazlashgan ko‘rinishdan boshqarilmaydigan ko‘rinishga o‘tishiga ishonuvchilar juda ko‘p. 

Kriptovalyutalar kelajagiga ishonuvchilarning aksariyati hozirgi tizimning uzoqqa bormasligiga asosiy sabab sifatida uning korrupsiyalashganligini hamda tor doira manfaati uchun xizmat qilishini ko‘rsatishadi. Aynan shu sababli ko‘pchilik shunday fikrda bo‘lganlarning  markaziy banklarga ishonchi yuqori emas. Kriptovalyutalarni ishlab chiqarish esa, markazlashmagan, ya’ni istalgan kishi ishlab chiqarishi (qazib olishi) mumkin. Bundan tashqari uni saqlash yoki tranzaksiya qilish juda xavfsiz.   

Bu yozayotganlarim kriptovalyuta hamda markaziy banklarning ijobiy yoki salbiy tomonlari haqida emas. Nima uchun kriptovalyutalar hozirgi boshqariladigan tizm o‘rnini egallay olomasligi haqida. Aniqrog‘i, bu ikki tizmning ishlash prinsipidagi farq haqida. 

Yuqorida aytib o‘tganimdek, bitcoin yoki boshqa ko‘plab kriptovalyutlar markazlashmagan tizim asosida ishalydi. Bu ko‘rinishdagi tizimning o‘ziga xos xususiyati shundaki, ma’lum belgilangan vaqt oralig‘ida bu tangalar (kriptovalyutalar)ning taklifi bir xil miqdorga oshib boradi. Agar tizimda kriptovalyuta qazib oluvchilar qanchalik ko‘paysa, unda bu faqatgina qazib olish jarayonini qiyinlashtiradi, xolos. Lekin qazib olish “temp”i, ya’ni masalan, bir kunda chiqishi kerak bo‘lgan miqdor o‘zgarmaydi (shunchaki ko‘proq odamga bo‘linadi). 

Agar hozirgi markaziy boshqariluvchi monetar tizim qulasa-yu, uning o‘rnini markazlashmagan tizim egallasa, unda iqtisodiyotdagi pul massasining o‘sish tezligi istalgan tanlab olingan yil uchun bir xil bo‘ladi. Ya’ni tangalar qazib olishning ma’lum vaqt uchun ma’lum miqdori bo‘lganligi uchun, agar bu tangalar (kriptovalyuta) asosiy pul vazifasini bajarishni boshlasa, iqtisodiyotda ham pul massasi huddi tangalarni qazib olish tezligida o‘sa boshlaydi. 

Xo‘sh, buning nimasi yomon?

Muammo odatiy vaqtda deyarli bilinmaydi. Aytaylik, agar iqtisodiyot pul massasining o‘sish tezligida o‘sayotgan bo‘lsa, unda deyarli hech qanday muammo bo‘lmaydi. Lekin iqtisodiyotda turli davrlarda turli sabablarga ko‘ra yoki yuqori o‘sish yoki pasayishlar kuzatiladi. Aynan iqtisodiyot inqirozda bo‘lgan vaqtda monetar siyosatning, xususan, markaziy banklarning roli juda muhim hisoblanadi. Ya’ni iqtisodiyot inqirozda bo‘lgan vaqtda  markaziy bank pul massasini juda tez fursatda oshirish orqali iqtisodiyotni inqirozdan olib chiqishi mumkin.

Bu nazariyaning ishlashi hamda ishlab kelayotganligini o‘tgan asrning 50-yillaridan keyin kuzatilgan ko‘plab inqirozlar misolida ko‘rish mumkin. Ya’ni agar iqtisodiyot inqirozga kirgan bo‘lsa, markaziy bank pul massasini yetarlicha oshirish orqali o‘zining uzoq muddatli darajasidan pasaygan talabni tiklashi mumkin. Aynan shu jihati uchun ham boshqariladigan monetar siyosatning ahamiyati juda muhim. 

Inqirozlar vaqtida kriptovalyutalar asosiy pul bo‘lgan iqtisodiyotda, ortiqcha pul taklifi yaratishning imkoni yo‘q, shu sabab bunday tizim inqirozlar vaqtida judayam xavfli hisoblanadi (aslida bunaqa tizim o‘tgan asrning 70-yillarda Fredman va boshqa bir nechta iqtisodchilar tomonidan ilgari surilgan).

Ya’ni uzoq muddatli trendidan pasaygan talabga rag‘bat beroladigan monetar siyosat umuman yo‘q bo‘ladi. Bu esa inqirozning yanada uzoqroq va chuqurroq davom etishiga olib keladi. 

Masalan, 1929-yilda boshlangan buyuk depressiyaning juda uzoq hamda misli ko‘rilmagan iqtisodiy zararlar olib kelganligining asosiy sababi ham aynan markaziy bankning iqtisodiyotga kerakli vaqtda stimul berolmaganligi hisoblanadi. 

1929–1932-yillar oralig‘ida AQShda markaziy bank pul massasini kamaytirgan (real pul massasi deyarli o‘zgarmagan, narxlarning ham yirik pasayishi evaziga), aslida esa bunday inqiroz vaqtida  markaziy bank pul massasini oshirishi kerak. Yoki 2009-yilgi inqirozni nima uchun Yevrohududga kirmagan (Yevropa Ittifoqidagi, ammo Yevroni pul birligi sifatida qabul qilmagan) davlatlarga nisbatan Yevro hududga kirgan davlatlarning og‘irroq o‘tkazganligi ham aynan  Yevropa markaziy bankining inqirozda yevro hududdagi davlatlarda ekspansion siyosat emas, balki inflyatsiyani targetdan chiqib ketmasligini ko‘zlagan siyosatni yuritganligi asosiy sabablardan biri hisoblanadi.

Bunday misollar talaygina, asosiy ma’no shuki, markaziy bank yoki markazlashgan holda boshqariladigan monetar siyosatning kerakligiga asosiy sabab – inqirozlar vaqtida ekspansion siyosat yuritish orqali iqtisodiyotni inqirozdan olib chiqish hamda iqtisodiyot keragidan ortiq “qizib” ketganida inflyatsiyani jilovlash orqali barqarorlikni qaytarish. 

Markazlashmagan tizimda esa bunday hususiyat mavjud emas. Aynan shu sababli bunday tizimlarda iqtisodiyot o‘zining uzoq muddatli trendidan uzoqlashgan vaqtida monetar siyosatda iqtisodiyotga stimul beradigan hech qanday richag bo‘lmaydi. 

Kriptovalyutalar kelajakda ham o‘z o‘rniga ega bo‘lishi mumkin, lekin bu asosan odamlarning ularni jamg‘arish vositasi sifatida ko‘rishi ortidan keladi. Albatta, qisman almashinuv vositasi sifatida ham saqlanib qoladi. Ammo hozirgi kundagi tizimni egallay olmaydi. Agar shunday bo‘lsa ham bu katta xato bo‘ladi.

 

Mirkomil Xolboyev, Jeonbuk national university magistranti

Jeonju, Janubiy Korea