Kuchli yomg‘ir natijasida O‘zbekistonning uchta hududida toshqinlar kuzatildi. Qurbonlar bor

  • 10:15 / 07.05.2021
  • 150

2021-yilning 6-7-may kunlari Andijon, Namangan va Surxondaryo viloyatlarining ayrim hududlarida kuchli yomg‘ir yog‘ishi natijasida sel toshqinlari kuzatildi.

Tabiiy ofat oqibatida Andijon viloyati “Qirg‘iz” kanali orqali oqib kelgan sel oqimlari Xonobod shahri va Qo‘rg‘ontepa tumanidagi ko‘chalar orqali 278ta turar-joylarning yashash xonadonlari va hovlisiga kirgan. Favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan qidiruv-qutqaruv ishlari davomida 2 nafar 2013 va 2018-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan fuqaroning jasadlari topilgan.

Shuningdek, Namangan viloyatining Pop, Kosonsoy va Chust tumanlarida yoqqan kuchli yomg‘ir sababli Pop tumani hududida sel oqimlari kuzatilib, “Namangan-Toshkent” avtomobil yo‘lining 15-16 km.da yo‘l yoqasining yuvilishi, “Angren-Pop” elektrlashtirilgan temir yo‘lining 103-106 km.da temir yo‘l tarmog‘ining taxminan 3 metr qismida tuproq massasining yuvilishi ro‘y bergan. Shu bilan birga, 25 ta aholi tomorqalariga ham yomg‘ir suvlari kirgan. 

Bundan tashqari, Surxondaryo viloyatining Sherobod va Qumqo‘rg‘on tumanlarida yoqqan kuchli yomg‘ir oqibatida hosil bo‘lgan sel oqimlari Sherobod tumanidagi 340 ta aholi xonadonlari va tomorqasiga kirgan.

Hozirda mahalliy hokimliklar hamda Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar, Transport, Energetika vazirliklarining hamda Milliy gvardiyaning kuch va vositalarini jalb qilgan holda tabiiy ofat oqibatlari bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.