Kun tarixi: Butunjahon demokratiya kuni. “Forbes” ilk bor chop etilgan, Agata Kristi dunyoga kelgan kun

  • 14:28 / 15.09.2021
  • 132

Har yilning 15-sentyabr kuni butun dunyoda Xalqaro demokratiya kuni nishonlanadi, odamlar xavfli kasallik turi – limfomadan ogoh etiladi. Shuningdek, aynan mana shu kunda detektiv asarlar qirolichasi – Agata Kristi dunyoga kelgan.

Butunjahon demokratiya kuni

Har yilning 15 sentyabr sanasi BMT tashabbusi bilan Butunjahon demokratiya kuni sifatida nishonlanadi. Mazkur bayram 2007-yilning 13-dekabr kunida hukumatlarning demokratiyani rivojlantirish borasidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashga bagʻishlangan rezolyutsiya orqali eʼlon qilingan. 15-sentyabr sanasi esa 1997-yilning mana shu sanasida Demokratiya haqidagi umumiy deklaratsiya qabul qilingani tufayli tanlab olingan. BMT ushbu kunda jamoatchilik eʼtiborini dunyodagi demokratik holat va inson huquqlari masalalariga qaratishga chaqiradi.

Limfoma haqida maʼlumot tarqatish kuni

Limfoma – limfatik tizim faoliyatiga zarar yetkazuvchi xavfli shish. Mazkur sana dunyoning 36 mamlakatida yashovchi limfoma bilan ogʻrigan bemorlarning 49 ming guruhini birlashtirgan Limfoma koalitsiyasi tashabbusi bilan bayram sifatida nishonlab kelinadi. Mazkur sanada odamlarga limfoma haqida koʻproq maʼlumot berish va ularni kasallikning xavfli jihatlaridan boxabar qilish masalasiga eʼtibor qaratiladi.

Muhim voqealar

1957-yilning 15-sentyabr kuni AQShda “Forbes” jurnalining birinchi soni chop etilgan. Uning asoschisi – jurnalist Berti Charlz Forbs boʻlib, u Amerikaga Shotlandiyadan koʻchib kelgan edi. Jurnal bir necha yil ichida mashhur boʻlib ketgan, AQShning eng koʻp oʻqiladigan va tadbirkorlar orasida katta obroʻga erishgan nashriga aylangan. Bugungi kunda “Forbes” nafaqat AQSh, balki butun dunyodagi eng mashhur nashrlardan biriga sanaladi.

1254-yilning 15-sentyabr sanasida italiyalik savdogar va sayohatchi Marko Polo dunyoga kelgan. U butun dunyoga Osiyoga uyushtirgan sayohatlari bilan mashhur boʻlgan, “Marko Polo kitobi” esa geograflar va sayohatchilar uchun asosiy manba boʻlib xizmat qilgan. Afsonalarga koʻra, Xristofor Kolumb Hindistonni izlab yoʻlga chiqqanda, uning kemasida Marko Poloning kitobi boʻlgan. Venetsiyadagi aeroportlardan biriga Marko Polo nomi berilgan. Xalqaro astronomiya ittifoqi Oydagi kraterlardan birini sayohatchining nomi bilan atagan.

1890-yilda detektiv asarlari bilan mashhurlikka erishgan ingliz adibasi Agata Kristi dunyoga kelgan. Uning kitoblari insoniyat tarixidagi eng koʻp chop etilgan asarlar sirasiga kiradi. Ijodkor tomonidan yozilgan asarlar dunyoning yuzdan ortiq tillariga tarjima qilingan. Agata Kristi qalamiga mansub asarlar kino ijodkorlari tomonidan bir necha bor ekranlashtirilgan.