Kun tarixi: Butunjahon donorlar kuni

  • 10:30 / 14.06.2021
  • 120

Har yilning 14-iyun sanasi butun dunyoda qon donorlari kuni sifatida nishonlanadi. Aynan mana shu kuni dunyoning turli burchaklarida yashovchi insonlar boshqa odamlar hayotini saqlab qolishga koʻmak qoʻlini choʻzadigan, oʻz qonini koʻngilli sifatida topshiradigan, qonga muhtoj boʻlgan odamlarga “oʻzining bir parchasi”ni baxshida etuvchi donorlarga minnatdorchilik bildirishadi.

• “Donor” soʻzi lotin tilidan tarjima qilinganda “berish”, “taqdim etish” degan maʼnoni anglatadi.

• Mazkur sanani bayram sifatida nishonlash tashabbusi dunyodagi koʻplab tashkilotlar, jumladan Xalqaro qon quyish jamiyati, Xalqaro Qizil Xoch jamiyati, JSST tomonidan qoʻllab-quvvatlangan.

• Xalqaro Donorlar kunini nishonlash uchun 14-iyun sanasining tanlab olinishi bejizga emas. 1968-yilning aynan mana shu sanasida taniqli olim, avstriyalik immunolog Karl Landshteyner dunyoga kelgan.

• Karl Landshteyner 1930-yilda tibbiyot sohasidagi xizmatlari uchun Nobel mukofotini qoʻlga kiritgan. U qonni guruhlarga ajratgan tarixdagi birinchi odam sanaladi. Aynan mana shu kashfiyot tibbiyot sohasida haqiqiy inqilob qilgan va bemorlarga ularning hayotini xavf ostida qoldirmagan holatda qon quyishga imkon bergan.

• Dunyodagi eng mashhur qon donori butun umri davomida 624 marta qon topshirgan va umumiy hisobda 500 litr qon bergan.

• Tibbiy ehtiyojlar uchun kerakli qon miqdorini yetarli darajada taʼminlash uchun mamlakatdagi har 1000 ta fuqaroga 40 nafar donor toʻgʻri kelishi kerak. Yevropada mazkur koʻrsatkich 25-27, AQSh va Kanadada 35-40 nafarni tashkil qiladi.

• Sayyora aholisining 10-15 foizi donorga aylanish imkoniyatiga ega, ammo qon topshiruvchi donorlar soni bundan 10 martaga kamroq.

• Qon odam tanasida turlicha tezlik bilan harakatlanadi. Arteriyalar boʻylab harakatlanuvchi qon tezligi soatiga 1,8 kilometrni tashkil qiladi. Venalar orqali harakatlanuvchi qon tezligi esa soatiga 0,5 kilometrga teng.

• Faol donorlar yurak-qontomir kasalliklaridan nisbatan kam aziyat chekishadi, YTH vaqtida qon yoʻqotishni ham yengilroq oʻtkazadilar. JSST maʼlumotlariga koʻra, doimiy ravishda qon topshiruvchi insonlar boshqalarga nisbatan oʻrtacha 5 yilga koʻproq umr koʻrishadi.