Kun tarixi: Butunjahon gepatitga qarshi kurashish kuni

  • 13:00 / 28.07.2021
  • 247


28-iyul – gepatit virusini kashf qilgan olim Barux Blamberg dunyoga kelgan kun. Aynan mana shu sanada butun dunyoda gepatitga qarshi kurash kuni nishonlanadi.

Gepatit – jigardagi yalligʻlanish jarayoni boʻlib, u turli sabablar, jumladan alkogol, zaharli moddalar, notoʻgʻri ovqatlanish, A, B hamda C viruslari tufayli yuzaga keladi.

• Ayni vaqtda dunyoda hayoti davomida gepatit B ni boshdan kechirgan 2 000 000 000 nafar odam bor, 240 milliondan ortiq odam esa gepatit B virusi tufayli yuzaga kelgan surunkali jigar kasalliklaridan aziyat chekadi.
• Dunyo boʻylab 150 millionta odam gepatit C ning doimiy tashuvchilari hisoblanadi. Mazkur virus bilan bogʻliq kasalliklar tufayli har yili dunyoda 350 000 nafar odam hayotdan koʻz yumadi.
• Gepatit B bir odamdan ikkinchisiga qon va organizmdagi boshqa suyuqliklar orqali yuqadi. Odatda odamlar uni qon quyish jarayonida zararlangan shpritslar orqali, jinsiy yoʻl bilan, oila aʼzolari orasidagi yaqin muloqot vaqtida, shuningdek chaqaloqlar tugʻruq vaqtida kasallangan onalardan yuqtirib olishadi.

• Gepatit C faqatgina qon orqali yuqadi. U ona suti orqali bolaga, oziq-ovqat mahsulotlari yoki suv orqali bir odamdan ikkinchisiga yuqib qolmaydi.
• Gepatitning birlamchi alomatlari GRIPPni yodga soladi: bemorlarda holsizlik, charchoq, boʻgʻimlarda ogʻriq, titroq, koʻngil aynishi, sargʻayish, qorin sohasida ogʻriq yuzaga keladi. Aniq belgilari boʻlmagani tufayli gepatitni aksariyat holatlarda oʻz vaqtida aniqlay olmaydilar. Ammo, infeksiya haqida bilish juda muhim sanaladi. Faqat mana shunday holatda uni yaqinlarga yuqtirib qoʻymaslik mumkin.
• Gepatit B VICH virusiga nisbatan 100 barobar yuqumliroq.
• Gepatit C ni gepatit B dan farqli ravishda davolash mumkin. Ammo, unga qarshi vaksina mavjud emas. Gepatit B ga qarshi dori vositalari yoʻq, ammo samarali vaksina bor.

• Gepatit C kamdan-kam hollarda oʻz-oʻzidan oʻtib ketadi, davolanmagan holatlarning 80 % i surunkali shaklga kiradi.
• Gepatit B ning surunkali turi tashxis qoʻyilganidan keyingi birinchi 5 yil ichida jigar sirrozi va saratonga sabab boʻlishi mumkin.
• Gepatit B ni davolash mumkin emas, ammo uni nazorat ostida ushlash va ogʻir oqibatlarga olib kelishiga yoʻl qoʻymaslik imkoni bor.