Kun tarixi: Butunjahon goʻzallik kuni, Alisher Usmonov tavallud topgan, Yupiterning beshinchi yoʻldoshi kashf etilgan kun

  • 11:33 / 09.09.2021
  • 175

9-sentyabr kuni dunyoning turli burchaklarida Xalqaro Goʻzallik bayrami, Shimoliy Koreyada Mustaqillik kuni, Yaponiyada esa Xrizantema bayrami nishonlanadi. Ushbu sana jahon tarixiga Bern konvensiyasining imzolanishi, Yupiterning beshinchi yoʻldoshi kashf etilishi bilan ham kirgan. Aynan mana shu sanada kardinal Rishelye, rus adabiyoti otasi Lev Tolstoy, oʻzbek milliarderi Alisher Usmonov tavallud topgan.

Xalqaro goʻzallik kuni

1995-yildan beri har yilning 9-sentyabr sanasida Xalqaro goʻzallik kuni nishonlab kelinadi. Ushbu sanani bayram sifatida nishonlash gʻoyasi Kosmetologiya va estetika boʻyicha Xalqaro komitetga tegishli boʻlgan. Shu kuni koʻplab mamlakatlarda goʻzallik tanlovlari oʻtkaziladi. Kasbiy faoliyati goʻzallik yoʻnalishi bilan bogʻliq boʻlgan barcha insonlar bu kunni kasb bayrami deb tan olishgan.

Shimoliy Koreyada Mustaqillik kuni

Shimoliy Koreyada har yilning 9-sentyabr sanasida Mustaqillik kuni yoki Xalq hukumati tashkil topgan kun nishonlanadi. 1948-yilning aynan mana shu sanasida hududda Sovet ittifoqi homiyligidagi Koreya Xalq Demokratik Respublikasi tashkil topgani eʼlon qilingan. Bu Koreya yarimorolining janubiy qismida AQSh homiyligidagi Koreya Respublikasi tashkil topganiga oʻziga xos javob boʻlgan.

Yaponiyada Xrizantema kuni

Yaponiyada 9-sentyabr sanasida Xrizantema kuni nishonlanadi. Xrizantema guli koʻp asrlar davomida Imperatorlik xonadoni timsoli hisoblangan. Shu sababli ham har yilning 9-sentyabr kunida mamlakatning turli hududlarida gullar bayrami oʻtkaziladi, Nixonmatsu hududida esa xrizantema qoʻgʻirchoqlari – Ninge festivali boʻlib oʻtadi.

Muhim tarixiy hodisalar

337-yilda imperator Konstantinning oʻlimidan keyin Rim imperiyasi uning uchta oʻgʻli tomonidan boʻlib olindi. Aynan mana shu hodisa ichki urushlarga sabab boʻldi. Bu holat hokimiyat yagona Rim imperiyasining imperatori Feodosiy I qoʻlida toʻplanguniga qadar davom etdi.

1850-yilda Meksika hukumatiga qarshi isyon koʻtargan koʻchmanchilar tomonidan eʼlon qilingan Kaliforniya Respublikasi Amerikaning 31-shtatiga aylandi.

1886-yilda Shveysariya poytaxtida Bern konvensiyasi imzolandi. Bu adabiy va badiiy asarlarning mualliflik huquqi sohasidagi birinchi xalqaro kelishuv edi.

1892-yilda amerikalik astronom Eduard Emerson Barnard Yupiterning beshinchi yoʻldoshi – Amalteyani kashf qildi.

Kimlar tavallud topgan?

1985-yilda fransuz kardinali Arman Jan dyu Plessi gersog de Rishelye dunyoga keldi. U Fransiya tarixidagi eng mashhur davlat arboblaridan biri sifatida tarixga kirgan. Rishelye nafaqat kardinal, balki qirol Lyudovik XIII ning birinchi vaziri ham edi. U Fransiyaning tashqi iqtisodiy aloqalarini rivojlantirishga yordam bergan, oliy tabaqa vakillaridan qirolga soʻzsiz boʻysunishlarini talab qilgan.

1828-yilning 9-sentyabr kuni taniqli adib va faylasuf Lev Tolstoy tavallud topgan. U adabiyot yoʻnalishi boʻyicha toʻrt marta Nobel mukofotiga munosib koʻrilgan. Tolstoy asarlari dunyoning koʻplab tillariga tarjima qilingan, bir necha marotaba ekranlashtirilgan.

1953-yilning 9-sentyabr kuni Chust shahrida taniqli tadbirkor, milliarder Alisher Usmonov dunyoga kelgan.