Kun tarixi: Dunyodagi eng mashhur va eng nufuzli universitet – Garvardga asos solingan kun

  • 11:20 / 08.09.2021
  • 218

Garvard – afsonaviy universitet. Bu yerning talabalariga AQShning Davlat kotiblari maʼruza oʻqiydi, uning diplomi barcha talabalar uchun orzuga aylangan. Koʻm-koʻk maysalar, qadimiy kutubxonalar va dunyoning turli burchaklaridan oʻqishga kelgan talabalar... Bundan 385 yil avval, 1636-yilning 8-sentyabr kunida Garvard universitetiga asos solingan.

Tarixi

Garvard universitetiga inglizlar Amerikaga kelganlaridan keyin oradan 16 yil oʻtib asos solingan edi. Birinchi yillarda universitetda bor-yoʻgʻi bitta oʻqituvchi dars bergan, oʻnta talaba tahsil olgan. Universitet talabalarga Injil, lotin tili va matematikadan saboq bergan. Koʻpchilik mazkur universitetga Jon Garvard tomonidan asos solingan degan fikrni ilgari suradi. Aslida esa universitetga uning nomi berilgan boʻlsa ham, oliygoh asoschisi Garvard boʻlmagan. U universitetga oʻz kutubxonasini butunligicha va boyligining teng yarmini berib yuborgan. Qarangki, mana shu hayriya uning nomi tarixga universitet asoschisi sifatida kirishiga sabab boʻlgan.

Garvard bir nechta yoʻnalishlarni qamrab olgan universitet, bu yerda ilm-fanning istalgan yoʻnalishini oʻrganish mumkin. Oliygohda bakalavr, magistr, fanlar doktori darajalarini olsa boʻladi. Bakalavriatga oliy maʼlumot bilan oʻqishga kirib boʻlmaydi. Bakalavriat bosqisida talabalarga maʼlum bir yoʻnalish boʻyicha emas, umumiy taʼlim beriladi. Ayni vaqtda universitetda 20 000 dan ortiq talaba tahsil oladi, ularning kattagina qismi aspirantlardir.

Garvard hududi 85 gektarlik maydonni qamrab olgan. Universitetning uchta kampusi mavjud, ular orasidan jamoat transportlari oʻtadi, bu yerda hattoki metro stansiyasi ham bor.

Garvard biznes maktabi esa daryoning ikkinchi tomonida joylashgan boʻlib, 145 gektarli maydonni egallagan.

Garvardda yashash – odatiy shaharchalarda yashash bilan deyarli bir hil: bu yerning oʻz supermarketlari, restoranlari va hattoki jinoiy guruhlari ham bor.

Garvardga qanday qilib oʻqishga kirsa boʻladi?

Garvard universitetiga tanish-bilishchilik aloqalari orqali oʻqishga kirib boʻlmaydi, talabalikka nomzod prezidentning oʻgʻli boʻlsa ham. Nomzodlar qabul komissiyasiga shaxsiy yutuqlarini taqdim etishlari mumkin. SAT qabul qilinganidan keyin abituriyentlar hujjatlarini universitetga topshiradilar. Eng qizigʻi, bu yerda minimal ball degan tushuncha mavjud emas. Bir yilda oʻqish uchun 30 000 ta odam hujjat topshirgan boʻlsa, ularning atigi 2000 tasigina oʻqishga kira oladi.

Mashhur bitiruvchilar

Garvard bitiruvchilari orasidan AQShning 8 ta prezidenti, 75 ta Nobel mukofoti laureati yetishib chiqqan. Shuningdek, Bill Geyts, Mett Deyvon, Mark Sukerberg, Natali Portman va Uilyam Xerstlar ham Garvard universitetida tahsil olganlar.