Kun tarixi: “Ivan Vasilevich oʻz kasbini oʻzgartiradi” filmi taqdim etilganiga 48 yil toʻldi

  • 10:42 / 21.09.2021
  • 83

“Ivan Vasilevich oʻz kasbini oʻzgartiradi” filmi Mixail Bulgakov tomonidan 1934-yilda yozilgan teatr pyesasi asosida suratga olingan. Asarni teatrda namoyish etish uchun repititsiya jarayonlari ketayotgan vaqtda SSSRning partiya rahbarlari uni taqiqlab qoʻyishadi. Asar shu tariqa 40 yil davomida unga afsonaviy rejissyor – Leonid Gayday qoʻl urishini “kutishga majbur boʻlgan”.

Film ssenariysi yozilayotgan bir vaqtda ssenariynavis bosh qahramon rolida Yuriy Nikulinni tasavvur qilgan. Gayday ham shoh rolini unga berishni rejalashtirgan. Ammo, aktyor film Mixail Bulgakovning bir necha yillar avval taqiqlangan asari asosida suratga olinishini eshitib, asosiy rolni oʻynashdan bosh tortgan va sovet hukumati ushbu filmni namoyish etishga yoʻl qoʻymasligini taxmin qilgan.

Jorj Miloslavskiy telefon budkasidan Shpakka qoʻngʻiroq qilgan sahnasini eslaysizmi? Aktyor qancha harakat qilsa ham mana shu yerda ayollar ovozini oʻxshatib bera olmagan. Filmning ushbu sahnasiga ayol kishi ovoz bergan.

Aktyor Leonid Kuravlyov “Pullaringizni omonat kassasida saqlang” degan jumladan keyin improvizatsiyani ishga solgan va unga “Agar u sizda boʻlsa, albatta!” deb qoʻshimcha qilgan.

“3 ta magnifaton, 3 ta kinokamera, 3 ta portsigar, zamsh kurtka” haqida kuyunib soʻzlayotgan Shpak ishtirokidagi sahnani eslay olasizmi? Mana shu sahnada aktyor Vladimir Etushning ovozi qaltiraganini sezish mumkin. Ijodkor bunga yonidagi itning unga tashlanib qolishidan xavotirga tushgani sabab boʻlganini aytgan.

Rejissyor Leonid Gayday shohning dasturxonidagi barcha yeguliklar haqiqiy boʻlishini istagan. Ammo, film uchun ajratilgan byudjet dasturxonni hashamatli qilib tuzashga imkon bermagan. Ana shunda rejissyor dasturxonni noz-neʼmatlarga toʻldirish uchun oʻz hisobidan pul bergan.

Baqlajon ikrasi haqidagi hazilni koʻpchilik yaxshi eslaydi. Aslida kadrdagi ikra qovoqchadan tayyorlangan edi. Eng qizigʻi, tarixchilarning aksariyati bu davrda rus oʻlkasida baqlajon ham, baqlajon ikrasi ham boʻlmaganini aytishadi.

Marfa Vasilevna rolini ijro etgan aktrisa kadrlarda tinmasdan pastga qaraydi. Bu obrazning oʻziga xosligi emas. Gap shundaki, aktrisa bundan bir hafta ilgari turmush oʻrtogʻidan kaltak yegan. Buning natijasida uning koʻzi koʻkargan. Pardozchilar qanchalik harakat qilmasinlar, koʻkarishni berkita olishmagan. Shu sababli aktrisa tinmasdan polga qarayvergan.

Filmning oʻzbek tiliga Hamza Umarov, Obid Yunusov, Toʻlqin Tojiyev, Yoqub Ahmedov, Rimma Ahmedovalar dublyaj qilishgan.