Kun tarixi: Penitsillin kashf qilingan, barmoq izlari yordamida ilk bor jinoyat fosh etilgan, “Bitlz” “Yesterday”ni taqdim etgan kun

  • 10:46 / 13.09.2021
  • 146

Har yilning 13-sentyabr sanasi butun dunyoda tabiatni asrab-avaylash faollari tomonidan turnalar kuni sifatida nishonlanadi. Kanada va AQShda esa keksa yoshli insonlarni Buvilar va bobolar kuni bilan tabriklashadi. Qandolatchilar bu kunni sharlotka va kuzgi piroglar bayrami deb biladilar. Aynan mana shu kuni penitsillin kashf etilgan, “Bitlz” guruhi afsonaviy “Yesterday” singlini taqdim etgan.

Turnalar kuni

Xalqaro turnalar kuni jamoatchilikni ushbu betakror qushlarning yoʻq boʻlib ketishi masalasiga eʼtibor qaratishga chaqiradi. Bayram 2002-yilda Yevrosiyo guruhi tashabbusiga koʻra taʼsis etilgan. Taklif Bonn konvensiyasi kotibiyati, Global ekologiya fondi va turnalarni asrash xalqaro fondi tomonidan qoʻllab-quvvatlangan. Ushbu bayramni joriy etish uchun kuz fasli bekorga tanlab olinmagan. Aynan mana shu pallada turnalar qishlash uchun koʻchib ketishadi.

AQShda pozitiv fikrlash kuni

AQShda har yilning 13-sentyabr sanasida pozitiv fikrlash kuni nishonlanadi. Bu anʼana 2003-yildan beri davom etib kelmoqda. Aynan mana shu kuni odamlar bir-birlarini yaxshi narsalar haqida oʻylash, boshqalarga yaxshilik ulashishga chaqiradilar.

Bobolar va buvilar kuni

Kanada va AQShda 13-sentyabr sanasida keksa yoshli insonlarni Bobolar va buvilar kuni bilan tabriklashadi. Bayramni 1970-yilda Gʻarbiy Virjiniyada istiqomat qiluvchi Merian Makveyd ismli uy bekasi oʻylab topgan. Tez orada u butun amerikaliklar tomonidan nishonlanadigan bayramga aylandi. Oradan koʻp vaqt oʻtmay ushbu anʼana Kanadagacha yetib bordi.

Sharlotka va kuzgi piroglar kuni

13-sentyabr sanasida dunyoning turli burchaklarida sharlotka va kuzgi piroglar kuni ham nishonlanadi. Ushbu bayramni kim oʻylab topgani maʼlum emas. Aslida sharlotka retseptining muallifi kim boʻlgani ham nomaʼlum, uning Fransiyada paydo boʻlgani aniq, xolos.

Penitsillin kashf qilingan kun

1929-yilning 13-sentyabr kuni shotlandiyalik mikrobiolog Aleksandr Fleming penitsillinni kashf qildi. Eng qizigʻi, koʻplab odamlar hayotini saqlab qolgan vosita mutlaqo tasodifan kashf qilingan: olim tozalikka unchalik ham eʼtibor bermagan, laboratoriyadagi idishlarni har doim yuvuqsiz holatda qoldirgan. Oradan bir oylarcha vaqt oʻtib finjonlarning birida mogʻorli qatlam hosil boʻlgan, uning atrofidagi mikrob koloniyalari esa yoʻq boʻlib ketgan. Ushbu fenomen Flemingni qiziqtirib qolgan va olim bu borada izlanishlarni davom ettirgan. Flemingga biologiya va tibbiyot yoʻnalishi boʻyicha Nobel mukofoti topshirilgan.

Jinoyat ilk marta barmoq izlari yordamida fosh etilgan kun

1902-yilning 13-sentyabr kuni Buyuk Britaniyada gumonlanuvchining aybini isbotlash uchun tarixda ilk marta uning jinoyat joyida qolgan barmoq izlaridan foydalanilgan. 41 yoshli londonlik fuqaro Garri Jekson daktiloskopiya haqida hech narsa bilmagan. Shu sababli jinoyatni sodir etish vaqtida qoʻlqop kiymagan. Qarangki, aynan mana shu harakati bilan oʻz ismini tarixga kirita oldi.

1965-yilning 13-sentyabr kuni AQShda “Bitlz” guruhining afsonaviy singli – “Yesterday” taqdim etildi. 1999-yilda Britaniyaning “BBC Radio 2” radiostansiyasi ekspertlar va tinglovchilarning fikrlarini tahlil qilgan, sotuv koʻrsatkichlari bilan tanishgan. Shu tariqa, radio ekspertlari “Yesterday” XX-asrning eng yaxshi taronasi degan xulosani taqdim etganlar.