Kun tarixi: Prokrastinatsiyaga qarshi kurashish kuni

  • 09:56 / 06.09.2021
  • 192

Har yilning 6-sentyabr kuni dunyoning turli mamlakatlarida prokrastinatsiyaga qarshi kurashish kuni nishonlanadi. Prokrastinatsiya aslida qanday tushuncha?

Prokrastinatsiya – ishlarni doimiy ravishda keyinga surish odatidir. Nima uchun mazkur sindrom XXI asr kasalligi deb ataladi, u qanday paydo boʻladi va uning ustidan qanday qilib gʻalaba qozonish mumkin?

Prokrastinatsiya nima?

Psixologiyada prokrastinatsiya tushunchasi insonning ishlarni doimiy ravishda keyinga surishga boʻlgan moyilligini anglatadi. Ushbu odat oxir-oqibatda turli hayotiy muammolarga, stress, ish layoqatining yoʻqolishi, aybdorlik hissi va oʻziga boʻlgan ishonch darajasining pasayib ketishiga olib keladi.

Prokrastinatsiyaga nima sabab boʻladi?

Ushbu sindrom odatda quyidagi sabablar tufayli kelib chiqadi:

- Omadsizlikdan qoʻrqish, oʻziga nisbatan ishonch darajasining pastligi;
- Perfeksionizm – mukammal natijaga qanday qilib erishishni bilmaydigan inson hech narsa qilmaslik qaroriga kelib qoʻya qoladi;
- Boshqalardan ajralib turishdan qoʻrqish;
- Charchoq – ruhiy horgʻinlik tufayli organizmning ishlashdan bosh tortishi.

Shuni unutmaslik kerakki, prokrastinatsiya hali toʻliq oʻrganib ulgurilmagan sindrom. Olimlar uning aniq sababini tushuntirib bera oladigan yagona teoriyani bugungi kunga qadar taqdim qila olishmagan.

Qanday kurashish kerak?

“Pomidor” texnikasi

Ruhshunos Kristina Misyura prokrastinatsiyaga qarshi kurashishda “Pomidor” texnikasidan foydalanishni maslahat beradi. Bu vaqtni chin maʼnoda his qilishga, diqqatni bir yerga jamlashga, tezkorlik bilan ishlashga koʻmaklashadi.

Ish rejangiz haqida atrofingizdagilarga aytish

Bu masʼuliyat hissining ortishiga sabab boʻladi, motivatsiya darajasini oshiradi, natijada yaqinlaringiz yonida uyalib qolmaslik uchun ham rejalashtirilgan ishni bajarishga harakat qilasiz.

Chalgʻituvchi omillardan qutulish

Ishga kirishishdan avval sizni chalgʻituvchi barcha omillardan xalos boʻlishingiz kerak. Eng avvalo telefonni oʻchirib qoʻying, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalaringizni vaqtincha yoping, stoldagi ortiqcha narsalarning barchasidan xalos boʻling.

“15 daqiqa” qoidasi

Prokrastinatsiya tushunchasi bilan kurashishda “15 daqiqa” qoidasi ham yordam beradi. Siz uchun zarur boʻlgan, ammo qiziqarsiz ishni bajarish uchun har kuni 15 daqiqadan vaqt ajrating. Faraz qiling, qomatingizni tartibga keltirmoqchisiz. Ozish uchun har kuni 1 soatdan sport bilan shugʻullana olmasangiz, buni 15 daqiqadan boshlab turing. Organizm asta-sekinlik bilan ushbu holatga koʻnikadi. Keyin esa mashgʻulotlar vaqtini koʻpaytirsangiz ham boʻladi.