Kun tarixi: Tarixdagi ilk audiokasetta namoyish qilingan kun

  • 10:55 / 30.08.2021
  • 212

1963-yilning 30-avgust kuni tarixdagi birinchi audiokasetta namoyish qilingan edi. Kasseta, audiokasseta, kompakt kasseta nomlari bilan atalgan qurilma 2000-yil boshlariga qadar maʼlumotlarni magnit tasmasiga saqlash va tashish uchun xizmat qilgan eng ommabop vosita boʻlgan.

Tarixdagi birinchi audiokasseta “Philips” korporatsiyasi tomonidan taqdim qilingan. Nisbatan arzon va ishlatish uchun qulay boʻlgan kassetalar uzoq vaqt mobaynida (1970-yillar boshidan 1990-yillar oxiriga qadar) odamlar orasida haddan tashqari mashhur boʻlgan. XXI-asr boshiga kelib esa kassetalar oʻz oʻrnini kompakt-disklarga boʻshatib berdi.

Avvaliga mazkur format diktofonlar uchun ishlab chiqarilgan. Uning asosiy vazifasi bunga qadar oʻz yonida ulkan radio katushkasini koʻtarib yurishi kerak boʻlgan jurnalistlarning ishini yengillashtirish edi. Kassetalar odamlar orasida ommalashib ketgach, uni musiqalar yozish uchun ham qoʻllay boshlashdi, diktofonlar uchun esa mikrokassetalar ishlab chiqarildi.

Kassetalardagi tasma eni 3,81 mm boʻlgan. Aylanish tezligi esa sekundiga 4,76 santimetrni tashkil qilgan.

Afsonaviy audiokasseta otasi

Kassetani ixtiro qilgan inson gollandiyalik injener Lu Ottens edi. U audiotexnika sohasidagi koʻplab gʻoyalar va ixtirolar muallifi boʻlgan, insoniyatga musiqa tinglashning yangi imkoniyatini taqdim qilgan.

Ottens oʻsha vaqtlarda “Philips” kompaniyasida faoliyat olib borgan. U rahbarlik qilgan injenerlar guruhi ovoz yozish, musiqa tinglash, musiqa tashib yurish imkoniyatiga ega boʻlgan yangi texnologiya ustida ishlagan, bu esa oʻz navbatida musiqani global miqyosda tarqatishning yangi imkoniyatini taqdim etgan.

1963-yilda Berlindagi radiokoʻrgazmada kassetaning namoyish etilishi haqiqiy inqilob sifatida tarixga kirdi. Mana shu vaqtga qadar hech kim audiomateriallarni mustaqil ravishda yaratish va ularni tarqatish masalasiga alohida eʼtibor qaratmagan. Shu sababli yangi ishlanma butun dunyo bozorlarini egalladi.

Ottens esa oʻz ishiga qaytdi va “Sony” kompaniyasi injenerlari bilan birga kompakt disk (SD-disk)larni yaratishga kirishdi. 1982-yilda ommaga taqdim etilgan kompakt disk ham audio olamida yangilikka aylandi.

CD va MP3ning paydo boʻlishi kassetalar mashhurligini cheklagan boʻlsa ham, ushbu texnologiyaning ahamiyati avvalgidek yuqori hisoblanadi. Sababi, uni yaratish gʻoyasining oʻziyoq audio texnologiyalari taraqqiyotidagi muhim fenomenga aylangan.