Kun tarixi: “Temir xonim” – Margaret Tetcher tavallud topgan kun

  • 12:11 / 13.10.2021
  • 98

Margaret Xilda Tetcher Yevropa mamlakatlari hududida bosh vazir lavozimini egallagan tarixdagi birinchi ayol siyosatchi edi. U qatʼiy feʼl-atvori, boshqaruv usuli tufayli “Temir xonim” deya eʼtirof etilgan. Zamondoshlari u haqida qanday fikr bildirishlaridan qatʼiy nazar, Tetcher murakkab davrlarda (inqiroz, urush, Berlin devorining qulashi va hokazo) Buyuk Britaniya taqdiri uchun muhim qarorlarni qabul qilgan.

Margaret Tetcherning bolalik yillari Grentemda oʻtgan, uning otasi baqqollik rastalarida ishlagan. “Savdogarning qizi” degan nom Margaretning siyosiy faoliyatiga juda koʻp bor xalal bergan, buni unga haddan tashqari koʻp eslatganlar. Qiz oilada qatʼiy tarbiya koʻrgan, bu uning feʼl-atvoriga taʼsir qilmasligi mumkin emasdi.

Siyosiy faoliyatning boshlanishi

Margaretdagi siyosatga boʻlgan qiziqish yetarlicha erta boshlangan. U 1946-yilda universitet qoshidagi konservativ assotsiatsiya raisi sifatida faoliyat yuritgan. Oliygohni tamomlagan yosh qiz Kolchesterga kelib, mahalliy assotsiatsiya tarkibiga kirgan.

Margaret Tetcherning Oksforda tahsil oladigan doʻstlari koʻp edi. Ulardan biri Kentdagi Dartford assotsiyatsiyasi raisi boʻlgan. Ular saylovlar uchun nomzodlar qidirishgan, Margaretga ham nomzodlar safiga kirishni taklif qilishgan. Tez orada yosh Margaret taqdirini oʻzgartirib yuborgan odam — tadbirkor Denis Tetcher bilan tanishgan.

Ayol va siyosat

Margaret Tetcher AQShning boshqaruv usullaridan ilhomlangan, ularning tamoyillari va siyosiy falsafasini oʻrgangan. 1967-yilda AQShning Londondagi elchixonasiga ishga kirgan, uning qarshisida yangi imkoniyatlar paydo boʻlgan.

Bosh vazir boʻlguniga qadar turli lavozimlarda ishlagan siyosatchi mamlakat tarixidagi birinchi ayol bosh vazirga aylanadi. “Temir xonim” mamlakatni boshqargan vaqtlarda Buyuk Britaniya ogʻir davrlarni boshdan kechirayotgan edi. U mamlakatni mana shunday ogʻir pallada idora etib, qatʼiy xarakteri tufayli “Temir xonim” eʼtirofiga sazovor boʻlgan.

U mamlakat tarixiga ulkan hissi qoʻshdi, shunga qaramasdan odamlarning Tetcherga nisbatan boʻlgan ishonchi pasayib bordi. Siyosatchi reytinglarga, soʻrovnomalarga eʼtibor qilmasdi, u partiyadoshlarining fikrlari va pozitsiyalarini ham inkor etardi. Bu esa uning yuqori lavozimdan ketishini istovchilar sonini koʻpaytirib yubordi.

Margaret Tetcher shundan keyin oʻzini yozuvchilikda sinab koʻrdi, bir nechta kitoblar yozdi, ammo xotirjam yashay olmadi. U siyosatchilar, hukumatni tanqid qilishda davom etdi, ularning aksariyatini beparvolikda aybladi.

Shaxsiy hayot

Margaret Tetcher turmush oʻrtogʻi Denis Tetcher bilan birga uzoq va baxtli hayot kechirdi, ikki farzandni voyaga yetkazdi. Erining oʻlimidan keyin esa ogʻir kasallik tufayli murakkab operatsiyani boshdan kechirdi. 2013-yilning 8-aprel kuni “Temir xonim” vafot etdi. U mamlakatni boshqargan davr tarixga “Tetcherizm davri” sifatida kiritildi.