Kun tarixi: Xalqaro koʻrish qobiliyati kuni

  • 11:44 / 14.10.2021
  • 99

Har yili oktyabr oyining ikkinchi payshanbasida Xalqaro koʻrish qobiliyati kuni nishonlanadi. Ushbu kunda jamoatchilik eʼtibori koʻrish qobiliyatining buzilishi, koʻrlik muammosi va koʻz kasalliklariga qaratiladi.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, bugungi kunda dunyoda 285 million kishi koʻrish qobiliyatining yomonlashishi bilan bogʻliq muammolardan aziyat chekadi, ularning 45 milliontasi koʻrish qobiliyatidan butunlay mahrum boʻlgan. Bu odamlarning 90 foizi rivojlangan mamlakatlarda hayot kechiradilar.

Ekspertlarning maʼlumot berishlaricha, bolalarning 19 million nafari koʻrish qobiliyatining yomonlashganidan aziyat chekishadi.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti fikriga koʻra, koʻrish qobiliyatining yomonlashishiga doir 80 foiz holatlarda uning oldini olish yoki davolash mumkin.

Mutaxassislar koʻrish qobiliyatini yoʻqotmaslik uchun vaqti-vaqti bilan oftalmolog koʻrigidan oʻtib turishni maslahat beradilar.

Koʻrish qobiliyatini asrash uchun eng avvalo tamaki chekishdan voz kechish lozim. Nikotin koʻrish qobiliyatiga ham salbiy taʼsir koʻrsatadi. Nafas olish yoʻllari kasalliklari esa tomirlarning avval keskin kengayishi, shundan keyin torayishiga sabab boʻladi. Bu koʻzning shoh pardasiga zarar yetkazadi.

Koʻrish qobiliyati yomonlasha boshlagan odamlar koʻproq sabzi, baliq, koʻkatlar, naʼmatak isteʼmol qilishlari kerak. Televizor, kompyuter ekrani ham koʻrish qobiliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.

Koʻzdagi charchoqdan xalos boʻlish, koʻz kasalliklarining oldini olish uchun maxsus kompresslar, koʻzni qora va koʻk choy bilan yuvish, paxtani moychechak damlamasiga botirib, yumuq koʻzlar ustiga qoʻyish ham yaxshi natija beradi.