Kun tarixi: Xalqaro miya kuni

  • 13:38 / 22.07.2021
  • 97

Har yilning 22-iyul sanasi Butunjahon Nevrologlar Federatsiyasi taklifiga binoan Xalqaro Miya kuni sifatida nishonlanadi. Bu kunni bayram sifatida nishonlashdan asosiy maqsad – jamoatchilik eʼtiborini miya salomatligi masalasiga qaratishdir. Shu munosabat bilan miya haqidagi eng qiziqarli maʼlumotlarni taqdim etamiz.

1. Miya ogʻriq sezmaydi

Hech oʻylab koʻrganmisiz, neyrojarrohlar qanday qilib miyadagi jarrohlik amaliyotlarini narkozsiz amalga oshirishadi? Sababi miyada ogʻriq retseptorlari mavjud emas. Ogʻriq retseptorlari uning tashqarisidagi qobiq va qon tomirlarida mavjud. Biz ogʻriqni his qilgan vaqtda miyaning oʻzi emas, uning atrofidagi toʻqimalar ogʻriyotgan boʻladi.

2. Miya biz uxlayotgan vaqtimizda faolroq ishlaydi

Uxlayotgan vaqtimizda miya dam oladi deb oʻylaymiz. Aslida miya uyqu vaqtida nisbatan faolroq ishlaydi.

3. Odamning sevib qolganini fMRT suratlari orqali koʻrsa boʻladi

Ayrimlar sevgi-muhabbat shunchaki konseptsiya ekanligini aytishadi, ammo miyaning fMRT suratlari buning teskarisini tasdiqlaydi. Sevib qolgan odamlarning miyadagi lazzatlanish hissi bilan bogʻliq sohalar faol holatda boʻladi. Yoqimli hissiyotlar uchun javob beradigan neyromediator – dofamin mavjud boʻlgan sohalar suratlarda “yonib turadi”.

4. Miya ishlab chiqarayotgan elektr toki kichik lampochkani ishlatish uchun yetadi

Stenford universiteti olimlari bergan maʼlumotlarga koʻra, miyadagi neyronlar bir kun davomida kichik lampochkani yoqish uchun yetadigan miqdorda energiya ishlab chiqaradi. Inson miyasi eng zamonaviy kompyuterlardan ham tezroq ishlaydi.

5. Miyaning 60 foizi yogʻdan iborat

Miya tarkibining asosiy qismini yogʻ tashkil qiladi. Shu sababli uning salomatligi uchun foydali yogʻlar (omega-3 va omega-6) bilan boyitilgan parhezlarga amal qilish kerak.

6. Miyaning maʼlumot qabul qilish imkoniyati cheklanmagan

U siz qabul qilayotgan har qanday maʼlumotni sigʻdira oladi va hech qachon “toʻlib qolmaydi”.