Kun tarixi: Xalqaro pardoz kuni. Pardoz tushunchasi qachon va qayerda paydo boʻlgan?

  • 10:11 / 10.09.2021
  • 161

Har yilning 10-sentyabr sanasida vizajistlar oʻzlarining kasb bayramlari – Xalqaro pardoz kunini nishonlaydilar. Aslida pardoz tushunchasi qachon, qayerda va qanday paydo boʻlgan?

Goʻzallik tarixi: Misr, Yunoniston, Rim

Bundan koʻp asrlar avval qadimgi Misr, Yunoniston va Rimda hayot kechirgan kohinlar yuzga surtiladigan turli boʻyoqlar tayyorlash usullarini oʻylab topishgan. Ular marosimlar vaqtida yuzlarini ana shu boʻyoqlar bilan boʻyab olganlar. Qadimgi Misrda bu kabi boʻyoqlar faqatgina firʼavnlar va oliynasab insonlar tomonidan ishlatilgan. Kohinlar vafot etgan hukmdorlarning jasadini moʻmiyolash vaqtida ham maxsus moylar hamda boʻyoqlardan foydalanishgan.

Misrda goʻzallik mavzusiga bagʻishlangan butun boshli asarlar boʻlgan. Misrlik ayollar orasida yuz parvarishi tushunchasi ommalashgan. Ular yuzlarini parvarish qilishda turli giyohlar, surma, oʻsimlik shirasi, kanakunjut moyidan foydalanishgan. Yuzlarini oqartirish uchun esa belila yordam bergan. Yonoqlarni qizartirish uchun moʻljallangan upa hamda lab boʻyogʻi qizil rangli gil kukunidan tayyorlangan. Tarixdagi ilk kosmetik vositalar retsepti Misrdan Yunonistonga, keyin esa Rimgacha yetib kelgan.

Yunonistonlik ayollar esa misrliklardan farqli oʻlaroq haddan tashqari koʻp pardoz qilishmagan. Bu yerda qoʻrgʻoshin asosidagi belila oʻylab topilgan va ushbu vosita odamlar tomonidan 19 asrga qadar qoʻllanib kelingan. Ushbu kukun turli teri kasalliklarining alomatlarini yashirishga yordam bergan boʻlsa-da, oradan vaqt oʻtib teriga jiddiy zarar yetkazgan.

Fransiya qiroli va upaning ommalashishi

Fransuz qiroli Lyudovik XIV boshqaruvi davrida terining och rangda boʻlishi urfga kirgan. Aynan mana shu sababli ayollar bilan bir qatorda erkaklar ham yuzlariga har doim upa surtib yurishgan.

Lab boʻyogʻi va kardinal Rishelye

Fransiyalik davlat arbobi kardinal Rishelye olma iforini juda yaxshi koʻrgan. U olmadan maxsus surtma tayyorlatgan va unga “pomada” (fransuz tilida "pomme" – olma) deb nom berilgan. Ushbu surtma burun uchi hamda labning yuqori qismiga surtib qoʻyilgan, ana shunda uning xushboʻy ifori kun davomida kelib turgan. Rishelye ixtiro qilgan surtma rangsiz boʻlgan, keyinchalik odamlar unga rangli boʻyoqlarni aralashtirib ishlata boshlaganlar.

Tush va akalik mehri

Tushning zamonaviy namunasi 1913-yilda kimyogar Terri L. Uilyamson tomonidan taqdim qilingan. U asos sifatida vazelindan foydalangan, koʻmir kukuni esa kipriklar uchun boʻyoq vazifasini oʻtagan. Uilyamson tushni singlisi Meybl uchun yaratgan. Keyinchalik aka-singil tomonidan asos solingan pardoz vositalari ishlab chiqaruvchi kompaniyaga ixtirochining singlisi sharafiga “Maybelline” deb nom berilgan.