Kungaboqar va paxta yog‘lariga nisbatan eksport boji joriy etiladi

  • 09:25 / 29.04.2021
  • 433

Kungaboqar va paxta urug‘lari, kungaboqar yog‘i va paxta yog‘i mahsulotlariga nisbatan eksport boji joriy etilmoqda.

Bu borada Prezident “Aholini ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashga doir choralar to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, 2021-yil 1-maydan 31-dekabrga qadar tayyor o‘simlik yog‘i, kungaboqar va zig‘ir urug‘i hamda soya doni importi, shuningdek o‘simlik yog‘i ishlab chiqarish va sotish qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinmoqda.

Qayd etilishicha, dunyoda o‘simlik yog‘ining narxi sezilarli oshish tendensiyasi kuzatilayotgan davrda ushbu choralarning asosiy maqsadi respublika ichki bozorida narxlarning keskin oshishini oldini olish deb ta’kidlash mumkin.

Jahon birjalaridagi o‘simlik yog‘i narxi 2020-yilning mart oyida bir tonna uchun o‘rtacha 759 dollarni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yil fevral oyida 1 387 dollargacha oshib, narxlarning 83 foizga o‘sishi kuzatilgan.