“Lotin”ga asoslangan o‘zbek alifbosiga oid hujjat muhokamasi noyabrgacha uzaytirildi

  • 16:02 / 10.05.2021
  • 217

Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni ta’minlash bo‘yicha Respublika ishchi guruhi mazkur hujjat loyihasi umumxalq muhokamasini 2021-yil 1-noyabrga qadar davom ettirishga qaror qildi.

Qayd etilishicha, bu vaqt davomida Qonun loyihasining zarurati va ahamiyatiga bag‘ishlangan ilmiy anjumanlar, ma’ruza va seminarlar o‘tkaziladi. Alifboga shakliy o‘zgarishlar kiritilishi munosabati bilan talab etiladigan xarajatlar miqdori o‘rganiladi. Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalarida takomillashayotgan alifboning turli (fonetik, grafik, texnik, imlo) xususiyatlariga doir turkum ko‘rsatuv va maqolalar tashkil etiladi.

Ilmiy anjumanlarda bildirilgan taklif va mulohazalar turli soha olim va ziyolilaridan iborat ekspertlar guruhi ishtirokida o‘tkaziladigan konferensiyada ko‘rib chiqilib, yakuniy xulosaga kelinadi hamda loyiha bilan birgalikda Hukumatga kiritiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilgan va unda 2023-yil 1-yanvardan to‘liq lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tilishini inobatga olgan holda, amaldagi alifboda mavjud ayrim murakkab harflarning shaklini o‘zgartirish taklif etilgan edi.

Shuningdek, alifbodagi o‘zgarishlar Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-fevraldagi 61-son qarori bilan tasdiqlangan “yo‘l xaritasi”ga muvofiq, bosqichma-bosqich joriy etilishi nazarda tutilmoqda.

Xususan, alifbodagi ayrim harflarning shakliy o‘zgarishi tufayli amaldagi hujjat va adabiyotlarning foydalanish muddati o‘tgandan keyin, aniq reja asosida yangisiga almashtirilishi bois:

–  darslik va o‘quv adabiyotlari amaldagi rejalarga muvofiq, ortiqcha xarajatsiz bosqichma-bosqich to‘liq takomillashtirilgan alifboda chop etiladi;
–  pul kupyuralar, fuqarolikni tasdiqlovchi guvohnomalar, ID-kartalar, yashash guvohnomalari ham belgilangan muddati tugagach takomillashtilgan alifbodagi yangisiga almashtirib boriladi;
–  tashkilot va idoralarning peshlavha va ish hujjatlari, mudofaa, huquq-tartibot organlari xodimlarining liboslaridagi yozuvlar davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar doirasida, shuningdek, byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan bosqichma-bosqich yangisiga almashtiriladi;
–  axborot kutubxona markazlarida amaldagi adabiyotlar alifbodagi o‘zgarish tufayli foydalanishdan chiqarilmaydi. Aksincha, yangi chop etilayotgan adabiyotlar bilan bosqichma-bosqich boyitib boriladi.

2021-yil 16-mart kuni Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga qo‘yilgan mazkur hujjat loyihasi 15 kunlik muhokama davomida “regulation.gov.uz”da loyihani 26 mingdan ziyod kishi ko‘rib, 1035 ta fikr qoldirgan. Takliflarning 56 foizi (547 tasi) lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini isloh qilinishini, 32 foizi (302 tasi) esa amaldagi alifboda qolishni yoqlagan.