Maktabning 9–11-sinf o‘quvchilarini kasb-hunarga o‘qitish tartibi joriy qilinadi

  • 09:41 / 11.06.2021
  • 62

Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 9–11-sinf o‘quvchilarini asosiy ta’lim jarayonlaridan bo‘sh bo‘lgan vaqtlarida kasb-hunarga o‘qitish tartibi  joriy qilinadi. 

Bu haqda Prezidentning “Ishchi kasblar bo‘yicha kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, quyidagilar tashkil etiladi:
– Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimida qo‘shimcha ravishda 28 ta kasb-hunarga o‘qitish markazlari; 
– 864 ta fuqarolar yig‘inlarida tikuvchilik, oshpazlik-qandolatchilik, erkaklar va ayollar sartaroshligi, kompyuter savodxonligi, buxgalteriya va tadbirkorlik asoslari bo‘yicha mahalla aholisini kasb-hunarga o‘qitish maskanlari;
– vazirlik va idoralar tasarrufida bo‘lgan 18 ta professional ta’lim muassasalarida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining qisqa muddatli kasb-hunarga, xorijiy tillarga va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish kurslari.

Qarorga ko‘ra, “Ishga marhamat” monomarkazlari, kasb-hunarga o‘qitish markazlari hamda maskanlarning o‘qituvchilari va ishlab chiqarish ta’limi ustalari maqomi bo‘yicha professional ta’lim muassasalarining o‘qituvchilari va ishlab chiqarish ta’limi ustalariga tenglashtiriladi.

Shuningdek, qaror bilan:
– bandlik va mehnat munosabatlari vazirining kasb-hunarga o‘qitish va kasbiy malakani rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy qilindi;
– Kasb-hunarga o‘qitishni tashkil etish va kasbiy malakani rivojlantirish departamenti tuzildi. 

Bundan tashqari, “TUMO” kreativ texnologiyalar markazining Toshkent shahridagi filiali tashkil etildi. 
2022-yil 1-martgacha Filialda yoshlarni veb-ishlanmalar, grafika dizayni, 3D-modellashtirish, raqamli dasturlash, robototexnika, raqamli media, videoo‘yinlar yaratish yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.

Shu bilan birga, baliqchilik, quyonchilik, parrandachilik, asalarichilik, meva-sabzavotchilik, uzumchilik, tikuvchilik, hunarmandchilik sohalarida kooperativlar tashkil etiladi. 

2022-yil 1-yanvarga qadar har bir tuman (shahar) sektorida kamida bittadan kooperativlar tashkil etiladi. 

Kooperativlarga a’zo bo‘lgan har bir ish bilan band bo‘lmagan fuqaro uchun BHMning 15 baravarigacha subsidiya ajratiladi.