“Manchester Yunayted” oʻz yetakchisi bilan yil oxirigacha yangi shartnoma imzolashi mumkin

  • 23:36 / 13.09.2021
  • 85

Klub hamda futbolchining agenti oʻrtasidagi muzokaralar ijobiy tus olmoqda.

“Manchester Yunayted” jamoaning portugaliyalik yarim himoyachisi Brunu Fernandesh bilan amaldagi shartnomani uzaytirishi mumkin, deb xabar beradi jurnalist Fabrisio Romano.

“Klub va futbolchining agenti oʻrtasida muzokaralar iyul oyida boshlangan. Ular ijobiy tarzda oʻtkazilmoqda. Brunu klubda qolishni istaydi, “Manchester Yunayted” esa portugaliyalik yil oxirigacha yangi shartnoma imzolashiga umid qilmoqda. 

Fernandeshning shartnomasi Pogba bilan shartnomani uzaytirish bilan bir qatorda ustuvor vazifadir”, — deb yozgan Romano twitter sahifasida.

Eslatib oʻtish joiz, Fernandesh 2020-yilda “Sporting”dan “Manchester Yunayted”ga oʻtgan edi. Yarim himoyachining ingliz klubi bilan shartnomasi 2025-yilning iyunigacha moʻljallangan.

Maʼlumot oʻrnida, joriy mavsumda Fernandesh Angliya Premyer-ligasining 4 ta oʻyinida qatnashdi va 4 ta gol urdi.