Markaziy bank vakillari ommaboplik alyansi doirasidagi onlayn konferensiyada ishtirok etdi

  • 12:01 / 05.06.2020
  • 489

2020-yilning 1–3-iyun kunlari Markaziy bank vakillari Moliyaviy ommaboplik alyansi doirasidagi (AFI) Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy tashabbusi (ECAPI) bo‘yicha onlayn tarzda o‘tkazilgan konferensiyada ishtirok etdi, deb xabar bermoqda MB matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, konferensiya davomida moliyaviy ommaboplik, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va moliyaviy savodxonlikni oshirish sohasidagi mamlakatlar tajribasi va qonunchiligidagi bir qator yangiliklar muhokama qilingan. Tadbirda moliyaviy texnologiyalar bilan bog‘liq mahsulotlar va ularning ushbu yo‘nalishlardagi rolini oshirishga alohida e’tibor qaratilgan.

ECAPI onlayn maydonida barcha a’zo mamlakat vakillari ishtirokida amalga oshiriladigan hisobot va tadqiqotlar, jumladan, moliyaviy ommaboplikni oshirish sohasida regulyatorlar siyosatining samaradorligini oshirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar va xulosalar taqdim etilgan.

“Bundan tashqari, dunyodagi mavjud vaziyatni hisobga olgan holda markaziy banklar tomonidan korxonalarning moliyaviy barqarorligini va fuqarolar farovonligini ta’minlash orqali COVID-19 pandemiyasining mamlakatlar iqtisodiyotiga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar ham tahlil qilindi.

Konferensiyada Yevropa va Finlyandiya Markaziy banklari vakillari tomonidan hisobot taqdim qilinib, unda kiberxavfsizlik va raqamli moliyaviy savodxonlikni oshirish sohalaridagi jarayonlarni tashkil etish bo‘yicha o‘z tajribalari xususida fikr almashishdi”, deyiladi xabarda.