Mashina olmoqchi bo‘lganlarni 3 milliardga “tushirgan” korxona faoliyatiga chek qo‘yildi

  • 15:51 / 11.06.2020
  • 568

IIV huzuridagi Tergov departamenti matbuot xizmatining xabar berishicha, 2019-yil may oyidan 2019-yil sentabr oyiga qadar E.I. va boshqalar birgalikda Jizzax shahrida joylashgan “ALMAZ SUPER AVTO” MChJni ta’sis qilishgan. MChJ avtotransport vositalarini foizsiz 2 va 5 yil muddatga pulini bo‘lib to‘lash sharti bilan fuqarolarga olib berishni va’da qilib, faoliyatini reklama qiluvchi flayerlarni MChJda tashkil qilingan tariflar turiga qarab 2 625 000 so‘mdan 9 100 000 so‘mgacha sotgan.

Shuningdek, o‘zining zimmasidagi majburiyatni OAV va internet tarmog‘i orqali yangi jalb qilingan Andijon, Farg‘ona va Namangan filiallarida shartnoma tuzilgan jami 446 nafar mijozdan qabul qilingan 3 125 604 413 so‘m puldan 1 626 055 000 so‘m pulni MChJ hisob raqamiga kirim qilib, qolgan 1 499 549 413 so‘mni kirim qilmasdan, fuqarolarga avtomashina olib bermasdan o‘zganing juda ko‘p miqdordagi mulkini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirgan.

Mazkur holat yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan tergov harakatlari yakuniga ko‘ra, E.I.ga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 188-1-moddasi 3-qismi “a,v” bandlari, 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 189-moddasi 1-qismi bilan, E.Q. va D.X.larga JKning 188-1-moddasi 3-qismi “a,v” bandi, 189-moddasi 1-qismi bilan ayb e’lon qilinib, E.I.ga nisbatan “qamoqqa olish”, E.Q. va D.X.larga nisbatan “garov” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Tergov davomida jabrlanuvchilarga yetkazilgan 3 125 604 413 so‘m moddiy zararning 1 110 000 000 so‘mi undirilgan.

Jinoyat ishi tegishli tartibda sud muhokamasiga yuborilgan.