Matematika fanini bilish darajasini baholash bo‘yicha milliy sertifikatlash tizimi joriy etiladi

  • 11:15 / 08.05.2020
  • 472

Prezident qarori bilan Davlat test markaziga Fanlar akademiyasi va “O‘zstandart” agentligi bilan birgalikda 2021-yil 1-yanvarga qadar Matematika fanini bilish darajasini baholash bo‘yicha milliy sertifikatlash tizimini joriy qilish vazifasi topshirildi.

Ta’kidlanishicha, matematikani bilish darajasini baholash va bu to‘g‘risida milliy malaka sertifikatini berish o‘rnatilgan tartibda Davlat test markazi tomonidan amalga oshiriladi. Bu jarayon esa tabaqalashtirilgan holda amalga oshiriladi.

Imtiyoz beriladigan darajadagi milliy sertifikatga ega abituriyent davlat OTMga o‘qishga kirishda matematika fanidan test sinovi topshirishdan ozod etiladi va unga matematika fani uchun belgilangan maksimal ball beriladi. 

Shuningdek, 2021-yil 1-sentabrdan boshlab Ixtisoslashtirilgan maktablarning matematika fani bo‘yicha o‘qituvchilari tegishli darajadagi milliy sertifikatga ega bo‘lishlari majburiy hisoblanadi.

Bundan tashqari, milliy sertifikatning tegishli darajasiga ega matematika fani o‘qituvchilariga (Ixtisoslashtirilgan maktablarning matematika fani o‘qituvchilaridan tashqari) ular faoliyat olib borayotgan davlat ta’lim muassasasining joylashuviga qarab bazaviy tarif stavkasiga nisbatan 25 foizdan 50 foizgacha har oylik ustama haq to‘lanadi.

Milliy sertifikatlash tizimi uchun test topshiriqlari bazasini shakllantirish va muntazam yangilab borishda ekspert sifatida Fanlar akademiyasining V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti ilmiy xodimlari jalb qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezidentning “Matematika sohasidagi ta’lim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolangani va mazkur qaror bilan Respublikaning har bir tumanida (shahrida) matematika fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilishi haqida ma’lum qilingan edi.