Matematiklar uchun 50 ming dollar qiymatidagi xalqaro mukofot ta’sis etildi

  • 13:54 / 08.05.2020
  • 268

Prezidentning “Matematika sohasidagi ta’lim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, matematika sohasidagi fundamental va amaliy ilmiy izlanishlari natijalariga ko‘ra amaliyotdagi muayyan muammoning yechimini taklif etgan olimlarni mukofotlash maqsadida Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro mukofoti ta’sis etildi.

Qaror bilan mukofot bilan O‘zbekiston fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar taqdirlanadi.

Mukofot ikki yilda bir marta Prezident tomonidan Fan va texnologiyalar bo‘yicha respublika kengashining taklifiga ko‘ra uchta yo‘nalish (fundamental sohadagi tadqiqotd, yoshlar o‘rtasidagi tadqiqot va iqtisodiyotning real sektoridagi muammoning yechimini ta’minlagan tadqiqot) bo‘yicha beriladi.

Har bir yo‘nalish bo‘yicha mukofot sovrindorlariga 50 ming AQSh dollari ekvivalentidagi pul mukofoti beriladi.

Bundan tashqari, ushbu qaror asosida Fanlar akademiyasining V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti (Institut) tarkibida Matematika ta’limi bo‘yicha o‘quv-uslubiy materiallarni muvofiqlashtirish laboratoriyasi tashkil etiladi.

Shuningdek, 2021-yil 1-sentabrdan boshlab davlat ta’lim muassasalarida qo‘llaniladigan matematika fani bo‘yicha darsliklar va o‘quv qo‘llanmalarni ishlab chiqishda majburiy tartibda Institutning ekspert xulosasi olinadi.
Institutning hududiy bo‘linmalari Qoraqalpog‘iston Respublikasida, Buxoro, Namangan, Samarqand va Xorazm viloyatlarida tashkil etiladi.

Hududiy bo‘linmalar yuridik shaxs hisoblanmaydi va institutning tarkibidagi ilmiy bo‘linmalari sifatida faoliyat yuritadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident qarori bilan Davlat test markaziga Fanlar akademiyasi va “O‘zstandart” agentligi bilan birgalikda 2021-yil 1-yanvarga qadar Matematika fanini bilish darajasini baholash bo‘yicha milliy sertifikatlash tizimini joriy qilish vazifasi topshirilgani haqida xabar qilingandi.