Matonatli paralimpiyachilarimiz tantanali kutib olindi

  • 09:18 / 07.09.2021
  • 159

Avval xabar berganimizdek, kecha Tokio-2020 yozgi Paralimpiya o‘yinlaridan qaytib kelgan matonatli sportchilarimizni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – turizm va sport vaziri A.Abduxakimov boshchiligidagi keng sport jamoatchiligi, OAV vakillari va blogerlar tantanali kutib olishdi.

Shundan so‘ng paralimpiyachilarimiz usti ochiq avtobuslarda poytaxtimizning markaziy ko‘chalaridan o‘tib, “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga yo‘l olishdi. Shahar ko‘chalariga chiqqan minglab yurtdoshlarimiz matonatli va jasur sportchilarimizni olqishlar bilan kutib olishdi.

“Yangi O‘zbekiston” bog‘iga yetib kelgan mamlakatimiz paralimpiya delegatsiyasi a’zolari dastlab “Mustaqillik monumenti” poyiga gulchambar qo‘yishdi. So‘ngra bu yerda Paralimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar sportchilarimizning Tokio arenalarida ko‘rsatgan matonatu jasoratlarini yuksak darajada e’tirof etishdi. Xalqimizga olam-olam quvonch ulashgani uchun paralimpiyachilarimizga minnatdorlik bildirildi.

Nihoyat eng hayajonli lahzalar yetib keldi. XVI yozgi Paralimpiya o‘yinlarining g‘olib va sovrindorlariga Prezident sovg‘alari topshirildi. Sovg‘alarni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilovlar tantanali ravishda topshirishdi.

Tokio-2020 yozgi Paralimpiya o‘yinlarida oltin medal sohibi bo‘lgan 8 nafar sportchining har biri 200 ming AQSH dollari, Toshkent shahridan 3 xonali kvartira hamda Chevrolet Tahoe avtomobili bilan mukofotlandi.

Oltin medal sohiblari:

1. Feruz Sayidov 
2. Uchqun Quronboyev
3. Nozimaxon Qayumova
4. Bobirjon Omonov
5. Mohigul Hamdamova
6. Husniddin Norbekov 
7. Safiya Burxanova
8. Guljanoy Naimova

Tokio-2020 yozgi Paralimpiya o‘yinlarida kumush medal sohibi bo‘lgan 5 nafar sportchining har biri 100 ming AQSH dollari, Toshkent shahridan 2 xonali kvartira hamda Chevrolet Traverse avtomobili bilan mukofotlandi.

Kumush medal sohiblari:

1. Parvina Samandarova 
2. Dovurxon Karomatov
3. Ro‘za Qo‘ziyeva 
4. Asila Mirzayorova 
5. Nurxon Qurbonova

Tokio-2020 yozgi Paralimpiya o‘yinlarida bronza medal sohibi bo‘lgan 5 nafar sportchining har biri 50 ming AQSH dollari, Toshkent shahridan 2 xonali kvartira hamda Chevrolet Trailblazer avtomobili bilan mukofotlandi.

Bronza medal sohiblari:

1. Islam Aslanov
2.Shohsanamxon Toshpo‘latova
3. Nafisa Sheripboyeva
4. Sharif Halilov
5. Elbek Sultonov