“Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilari IIB xodimlari tomonidan kaltaklangani aytilmoqda. Holat nazoratga olindi

  • 11:07 / 26.05.2021
  • 195

Ayrim internet nashrlarida Samarqand viloyati hamda Toshkent shahridagi “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilari uy-joy masalasidagi muammolari sabab joriy yil 22-may kuni Toshkent shahriga kelgani, ammo ular ichki ishlar organi xodimlari tomonidan Yunusobod tumani IIB binosiga olib ketilgani va ularga nisbatan kuch ishlatilib, tan jarohati yetkazilganligi haqida videolavha tarqaldi.

Toshkent shahar IIBB Matbuot xizmati mazkuo holat yuzasidan munosabat bildirib, videoda aks etgan holat Toshkent shahar IIBB rahbariyati tomonidan nazoratga olingani va ushbu ish yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotganini ma’lum qildi.

Shuningdek, Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi ham bu voqea Senat nazoratiga olinganini bilidirdi.

Ta’kidlanishicha, Samarqand viloyatidagi 6, 10-sonli hamda Toshkent shahridagi 22-sonli “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilari uchun davlat tomonidan bepul ravishda uy-joy ajratilgan, biroq, tarbiyalanuvchilar mutassaddi tashkilotlar tomonidan ushbu uy-joylar ularga kredit asosida berilgani to‘g‘risida ogohlantirmagan va buning oqibatida ular mazkur turar-joylardan haydab chiqarilgan.

Ushbu masalaga yechim izlab Toshkent shahriga kelishganida esa ichki ishlar xodimi tomonidan ularga nisbatan o‘rinsiz harakatlar, ya’ni jismoniy kuch ishlatish holati kuzatilgan.