Messi o‘zining katta orzusi va terma jamoadagi ro‘li haqida gapirdi

  • 17:38 / 14.06.2021
  • 217

Kataloniyaning “Barselona” hujumchisi Lionel Messi Argentina unga bog‘liq emas deb hisoblaydi. Shu sababli u ayni bu borada o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Terma jamoa hech qachon menga bog‘liq bo‘lmagan. Biz kuchli va birlashgan jamoani shakllantirishga harakat qilmoqdamiz. Agar biz chinakam kuchli jamoaga aylanmasak, g‘alaba qozonish va maqsadlarimizga erishish juda qiyin bo‘ladi.

O‘ylaymanki, endi biz yaxlit jamoadek kuchlimiz. Aksariyat futbolchilar uzoq vaqt birga ishlashgan. Biz avval ham Amerika kubogida ishtirok etganmiz, shuning uchun tajribamiz bor. Mashg‘ulotlar davom etmoqda. O‘ylaymanki biz to‘g‘ri yo‘ldan ketmoqdamiz.

U xoh o‘rtoqlik uchrashuvlari, xoh saralash, xoh Amerika Kubogi yoki Jahon chempionati bo‘lsin, Argentina terma jamoasida sodir bo‘ladigan har bir narsa men uchun har doim o‘ziga xos voqeylik hisoblanadi. Men xotirjamlik bilan, jamoa uchun har doim eng yaxshi o‘yinimni namoyish etishga harakat qilaman.

Menimcha, endi bor kuchimizni ishga solish va Amerika kubogini yutish uchun imkoniyatdan foydalanish vaqti keldi. Argentina termasi bilan sovrin yutish – bu mening katta orzum. Men bunga bir necha bor yaqin kelganman, lekin afsuski, hammasi men kutgandek bo‘lmagan. Kuchim bor ekan kurashaman.

Klub va individual darajadagi barcha sovrinlarni yutganimdan baxtiyorman. Endi terma jamoa bilan ham sovrin yutishni xohlayman”, – dedi Messi.

Eslatib o‘tamiz, 15-iyun kuni, erta tongda Argentina terma jamoasi Chiliga qarshi Amerika kubogidagi ilk uchrashuvini o‘tkazadi.