Migrantlarga kredit asosida uy beriladigan bo‘ldi

  • 12:34 / 30.01.2020
  • 759

Kecha, 29-yanvar kuni hukumat qarori bilan “Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ehtiyojmand mehnat migrantlariga ko‘p kvartirali uylardan xonadonlar ajratish tartibi to‘g‘risidagi” nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining rasmiy telegram kanalida xabar qilindi.

Qaror bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq, uy-joylar imtiyozli ipoteka krediti asosida har yili tuman (shahar)lardan belgilangan tartibda ajratiladi.

Uy-joy ajratish quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
–  ariza beruvchi talabgor sifatida yozma tavsiyani olish uchun talabgorlarni tanlash bo‘yicha komissiya raisiga doimiy yashash joyi bo‘yicha hujjatlarni va so‘rovnoma-arizani taqdim etadi;
–  komissiya hujjatlarni 15 ish kuni ichida ko‘rib chiqadi;
–  komissiya arizani ko‘rib chiqishda uy-joy sharoitini yaxshilashga ehtiyojmand mehnat migrantlarini qator ijtimoiy mezonlar asosida (talabgor nomida uy-joy yo‘qligi, ijarada turishi, boshqa oila bilan bir uyda yashashi, ko‘p bolalilik va b.) aniqlaydi;
–  arizani ko‘rib chiqish va uy-joy sharoitini o‘rganish natijasida komissiya yozma tavsiya berish yoki yozma tavsiya berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi; 
–  yozma tavsiya berilgan talabgorlar dastlabki shartnomalarni tuzish uchun injiniring kompaniyasi filialiga murojaat qiladi. 

2020-yil dasturlari doirasida uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ehtiyojmand mehnat migrantlari uchun ipoteka kreditlarini ajratish bo‘yicha: 
–  imtiyozli davr – 1 yil;
–  kreditdan foydalanishning birinchi 5 yili davomida har yili foiz stavkasini qat’iy belgilangan 7 foizdan qayta moliyalashtirish stavkasi darajasigacha bir me’yorda oshib boradigan stavkada va keyingi davrda qayta moliyalashtirish stavkasida belgilanadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidentining 2019-yil 20-avgustdagi PF-5785-son Farmonida uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ehtiyojmand mehnat migrantlariga 2020-yilda uy-joylar qurilishi bo‘yicha davlat dasturlarining ijrosi doirasida ko‘p kvartirali uylardan 3 462 ta xonadon ajratilishi belgilangan.