Milliy gvardiya Harbiy-texnik instituti Jamoat xavfsizligi universiteti etib qayta tashkil etiladi

  • 13:37 / 19.04.2021
  • 593

Milliy gvardiya Harbiy-texnik instituti Jamoat xavfsizligi universiteti etib qayta tashkil etiladi. bu borada Prezidentning “Jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida professional kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qaror bilan, Milliy gvardiya Harbiy-texnik instituti O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti etib qayta tashkil etiladi.

Universitetda:
–  jamoat tartibini saqlash
–  yo‘l harakati xavfsizligi
–  pasport tizimi talablarini amalga oshirish
–  harbiy diplomatiya
–  yurisprudensiya
–  iqtisodiyot 
–  muhandislik-texnik, tarbiyaviy-psixologik va qo‘mondonlik-taktik faoliyat 
–  qo‘riqlash faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish sohasining barcha yo‘nalishlarida 
kadrlar tayyorlanadi.

2021/2022-o‘quv yilidan boshlab, Universitetda professional kadrlarni tayyorlash jarayoniga ikki bosqichli oliy ta’lim tizimi joriy etiladi. Ya’ni, Universitetda bakalavriat dasturi bo‘yicha o‘qitish jarayoni ta’limning kunduzgi va sirtqi shakllarida tashkil etiladi. Bitiruvchilarga oliy ta’limning birinchi bosqichini tamomlaganligini tasdiqlovchi diplom beriladi.
Universitetda magistratura dasturi bo‘yicha o‘qitish bir yillik bo‘lib, bitiruvchilarga oliy ta’limning ikkinchi bosqichini tamomlaganligini tasdiqlovchi diplom beriladi.

  Universitetning sirtqi ta’lim shakli ma’lum sabablarga ko‘ra oliy ta’lim ololmay qolgan va xizmat davomida ta’limni davom ettirish istagida bo‘lgan xizmatchilar uchun ayni muddao. Sirtqi ta’limga Milliy gvardiyaning kamida uch yillik harbiy xizmat stajiga ega bo‘lgan amaldagi harbiy xizmatchilari qabul qilinadi. Unda o‘qish muddati oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xodimlar uchun to‘rt yilni, oliy ma’lumotga ega bo‘lgan kadrlar uchun to‘lov-kontrakt asosida uch yilni tashkil etadi.