“Milliy tiklanish” partiyasi diniy ta’limda erkinlik berilishiga qarshi chiqqanligi aytilmoqda

  • 13:27 / 06.05.2021
  • 361

Joriy yil 5-may kuni parlament quyi palatasida bo‘lib o‘tgan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunni yangi tahriri muhokamasida “Milliy tiklanish” partiyasi vakillari diniy ta’limda erkinlik berilishini terrorizm, radikalizm bilan bog‘lagan.

Oliy Majlis Qonunchilik  palatasi deputati Rasul Kusherbayev “XXI asr” gazetasida e’lon qilgan o‘zining “Marhamat, vorislik qilavering, bizni tinch qo‘ying!” sarlavhali maqolasida partiyadan “har xil fitna, g‘iybatlar bilan emas, partiya oldida turgan jiddiyroq ishlari bilan shug‘ullanish”ini so‘ramoqda.

Kusherbayev maqolasida so‘nggi vaqtlarda “Milliy tiklanish” partiyasi millat taqdiri, tarbiya, bilim kabi masalalarda ko‘plab chiqishlar qilayotganini, ammo bu “negadir muammolarni sun’iy yaratish, odamlarni urishtirish, nizo chiqarish, oddiy aytganda, fitna qo‘zg‘ashga o‘xshash harakatlar” bo‘lib tuyulayotganini ta’kidlaydi.

O‘zLiDeP deputati shuningdek, partiya agar o‘z dasturlarida sobit bo‘lsa, nega kecha (2021-yil 5-may) bo‘lib o‘tgan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunni yangi tahriri ustida kechgan muhokamada bu o‘z aksini topmaganini so‘roq ostiga oladi.

“Nima uchun kuni kecha minglab, kerak bo‘lsa, millionlab yurtdoshlarimiz ko‘z tikib turgan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunni yangi tahrirda qabul qilish jarayonida aynan “Milliy tiklanish” partiyasi vakillari diniy ta’lim muassasasida ta’limni kengaytirish masalasiga qarshi chiqdi? Diniy bilim, shu jumladan, muqaddas Islom dini haqida ta’lim olish faqat diniy soha xodimlari uchun emas, aholi, shu jumladan, ota-onalar uchun ham erkin bo‘lishi zarurligini ta’kidlagan Doniyor Gʻaniyev va meni nima uchun qo‘llab-quvvatlashmadi?
 Aksincha, ular buni terrorizm, radikalizm bilan bog‘ladi, yurtdoshlarimizga bu masalada ishonishga erta, degan qarash bilan diniy ta’limda erkinlik berilishiga qarshi chiqdi, faqat diniy idora xodimlari uchun diniy ta’lim olish mumkin, degan eskirgan qolipni yoqladi”, – deb yozadi Rasul Kusherbayev.

U bundan tashqari, “Milliy tiklanish” partiyasi nashrining joriy yil 5-may 15-sonida bosilgan “Janob Liberallar, sukut alomati rizomi?” sarlavhali maqola xususida ham to‘xtalib, “atayin ayrim chalkashlik va oddiy savodxonlik masalasidagi qo‘pol xatoliklarga ham ko‘z yumganini” aytadi.

“Milliy tiklanish”ning mendan boshqa tashvishi, muammolari ham ko‘p va yaxshisi, bizni tinch qo‘yib, har xil fitna, g‘iybatlar bilan emas, partiya oldida turgan jiddiyroq ishlari bilan shug‘ullanishsin”, – deydi deputat.