“Milliy tiklanish” partiyasi O‘zbekistonda TikTok’ni butunlay cheklashni taklif qilmoqda

  • 09:47 / 14.09.2021
  • 89

“Milliy tiklanish” partiyasi Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Feruza Muhamedjanova mamlakatda ta’lim sifati hamda o‘quvchilarning ma’naviy xulq-atvoriga e’tibor qaratib, jumladan, navoiylik 16 yoshli qizlarning TikTok ijtimoiy tarmog‘i orqali jonli efirda kurakda turmaydigan gaplar bilan so‘kinganligini “tizimda tarbiyadagi jiddiy kamchilik” deb ataydi.

Gap shundaki, 9-sentyabr kuni Navoiy shahridagi ikki nafar o‘quvchi qiz TikTok ijtimoiy tarmog‘ida nojo‘ya so‘zlarni namoyish qilib, uni to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga chiqargan. Huquq tartibot organlari bergan xabarga ko‘ra, mazkur holat Navoiy shahridagi 10-maktabda  16 yoshli o‘quvchilar ishtirokida Huquq darsi paytida sodir bo‘lgan.

Ijtimoiy tarmoqlardagi shov-shuvdan so‘ng shu kunning o‘zida yuzaga kelgan vaziyat maktab o‘quvchilarining ota-onasi bilan birga muhokama qilingan va holat bo‘yicha huquqbuzarlarning uzr so‘ragani aytilgan. O‘quvchilar esa bu harakati bilan shunchaki hazillashmoqchi bo‘lishganini aytishgan.

“Milliy tiklanish” partiyasi ko‘p hollarda huquqbuzarliklar namoyishi evaziga o‘z o‘quvchilarini ko‘paytirayotgan TikTok ijtimoiy tarmog‘ini bolalar uchun xavf maydoni deb hisoblamoqda va ushbu tarmoq faoliyatini butunlay cheklash tarafdori. 

“OAV sohasidagi tadqiqotlar va kundalik hayot bugun eng avvalo maktab o‘quvchilari unga ipsiz bog‘langanlarini ko‘rsatmoqda. Yoshlarni ma’naviy olamiga salbiy ta’sir o‘tkazayotgan videokontentlar zararini bugun xolis baholash fursati yetdi. Biz tarbiyani “ochiq” axborotlar evaziga boy bermasligimiz kerak. TikTok’ga o‘xshagan axborot manbalari hisobiga to‘g‘ri kelayotgan infoepidemiyani oldini olish uchun qonuniy choralar kuchaytirilishi kerak”, – deydi Feruza Muhammedjanova.