Moskvada 31 yoshli o‘zbekistonlikning jasadi topildi

  • 14:59 / 06.09.2021
  • 274

2021-yil 5-sentyabr kuni Moskva g‘arbida o‘zbekistonlik muhojirning jasadi topildi. Uning og‘zidan g‘isht bo‘laklari chiqqan. Bu haqda "Izvestiya" nashri xabar bermoqda.

Nashrga ko‘ra, jasadni shaharning Ryabinova ko‘chasidan o‘tayotgan o‘tkinchi ko‘rib qolgan. Marhumning yonida shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar ham bo‘lgan. Hujjatga ko‘ra, u 1990-yilda O‘zbekistonda tug‘ilgan va Ryazan viloyatida vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tgan.

Huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan dastlabki tekshiruvlarda uning bosh sohasida bir nechta jarohatlar, qo‘llarida ko‘karishlar, og‘izidan esa g‘isht bo‘laklari topilgan. Ekspertiza bergan xulosalarga ko‘ra, mazkur shaxs o‘limidan taxminan ikki kun o‘tib topilgan. Hozirda marhumning jasadi 2-sonli sud o‘likxonasiga yuborilgan.

Hozirgi vaqtda Rossiya Ichki ishlar vazirligining Ochakovo-Matveyevskoye hududidagi xodimlari hodisa sabablarini o‘rganmoqda.