Muddatli harbiy xizmatga chaqirishning yangi tizimi amaliyotga joriy etiladi

  • 13:00 / 10.03.2020
  • 725

Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini harbiy xizmatga chaqirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilindi. 

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamentiga ko‘ra bu bilan yoshlarni harbiy xizmatga chaqirishning yangi tizimi amaliyotga joriy etilmoqda.
 
Qarorga muvofiq, ilgari chaqiriluvchilarni muddatli harbiy xizmatga chaqirish to‘g‘risidagi qaror tuman mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i  tomonidan qabul qilingan bo‘lsa, yangi tizimda mazkur qaror Qurolli Kuchlarni  butlash  komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi.
 
Shuningdek, chaqiriluvchilarni yakuniy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ma’suliyati harbiy gospitallarning harbiy shifokorlari zimmasiga yuklatildi. Bundan tashqari bir-birini takrorlovchi tibbiy komissiyalar, ya’ni muqobil hamda harbiy qismlarda  o‘tkaziladigan takroriy  tibbiy komissiyalardan voz kechildi. Va mazkur qaror bilan viloyatlar kesimida Rahbariyat kengashi, Harbiy-tibbiy komissiyalar,  tumanlarda  esa Qurolli Kuchlarni butlash komissiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 

Qurolli Kuchlarni  butlash  komissiyalari Rahbariyat kengashi, harbiy-tibbiy, butlash va hududiy tibbiy komissiyalarning  samarali faoliyat yuritish uchun shaxsan mas’uldir. 

Shu bilan birga, barcha fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida Mudofaa ishlari bo‘limlarida elektron tizimga asoslangan yagona darcha xizmati joriy etilmoqda. E’tiborlisi, chaqiruvchilar, ularning ota-onalarining murojaatlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri Rahbariyat kengashi tomonidan shu joyning o‘zida yakuniy tarzda hal etiladi. 

Xulosa qilib aytganda mazkur yangi tizim chaqiruv tadbirlarini ochiq, oshkora va shaffoflik ruhida o‘tkazilishini, shu orqali Qurolli Kuchlarni fidoyi, vatanparvar va yuksak salohiyatli chaqiriluvchilar bilan butlash imkoniyatini beradi, deyiladi Vazirlikning Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabarida.