Mudofaa vazirligi “oltin ruchkalar”ga oid xabar yuzasidan munosabat bildirdi

  • 19:19 / 10.06.2021
  • 482

Bugun o‘zbek segmentidagi ijtimoiy tarmoqlar va internet saytlarida Mudofaa vazirligi tomonidan xarid qilinishi rejalashtirilgan ruchkalarga oid xabar keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. 

Vazirlik mazkur holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Mudofaa vazirligiga ko‘ra, mazkur ruchkalar kelgusida Mudofaa vazirligi rahbariyati ishtirokidagi xorijlik hamkorlar bilan amalga oshiriladigan protokol tadbirlarini yuqori saviyada tashkillashtirish va Mudofaa vazirligi nufuzini saqlash maqsadida istiqbolda xalqaro miqyosdagi taniqli firmalarning kanselyariya ashyolaridan foydalanish rejalashtirilgan. Ya’ni xalqaro tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi rasmiy vakillari tomonidan foydalanish uchun qo‘llaniladigan ashyolar xalqaro nufuzga loyiq darajada bo‘lishi shart, deya hisoblanadi.

 
Shu maqsadda mazkur turdagi mahsulotlarni yetkazib beruvchi mahalliy tadbirkorlarning takliflarini o‘rganish uchun vazirlik ishlar boshqarmasi tomonidan exarid.uzex.uz portaliga ruchka xarid qilinishi haqidagi e’lon joylashtirildi.

“Shuni alohida ta’kidlash joizki, e’londa ko‘rsatilgan narx yakuniy to‘xtam emas, balki bozor qoidalariga ko‘ra tadbirkorlik va mahsulot yetkazib berish bilan shug‘ullanadigan korxona va tashkilotlarning mahsulot va narxlar bo‘yicha barcha takliflari o‘rganiladi, tanlov asosida yakuniy xulosaga kelinadi. Xuddi shunday talablarga javob bera oladigan boshqa firmalarga tegishli mahsulotlar taklifi ham o‘rganib chiqiladi”, – deyiladi vazirlik xabarida.
 
Shuningdek, vazirlik qo‘shimcha ma’lumot sifatida ayni vaqtda Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy qism, muassasa va bo‘linmalar qoshida xo‘jalik hisobida faoliyat yurituvchi ishlab chiqarish korxonalari hamda yordamchi xo‘jaliklar (issiqxona, baliqchilik, asalarichilik, chorvachilik, bog‘dorchilik, ekin maydonlari) mavjudligi, ular esa vazirlikning byudjetdan tashqari mablag‘larini shakllantiradigan asosiy manbalar hisoblanishini ta’kidlaydi.