Mudofaa vazirligi Rossiyaning O‘zbekistonga ta’siri kuchayib borayotgani haqidagi xabarlarni “mutlaqo asossiz” deb atadi

  • 10:03 / 05.05.2021
  • 113

Mudofaa vazirligi O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida imzolangan 2025-yilgacha harbiy sohada strategik hamkorlik dasturi haqidagi xabar ortidan kelib chiqqan xavotirlarga munosabat bildirdi. Ushbu hamkorlik haqidagi hujjat joriy yil 27–28-aprel kunlari O‘zbekistonda amaliy tashrif bilan bo‘lgan Rossiya Federatsiyasi mudofaa vaziri S. Shoyguning tashrifi doirasida imzolangan edi.

“Mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro strategik sheriklik doirasida O‘zbekistonga Rossiya qo‘shinlarining kiritilishi yoki Rossiya tomonining harbiy mojarolariga O‘zbekistonning ehtimoliy aralashuvi asossiz”, – deyiladi O‘zbekiston Mudofaa vazirligi munosabatida.

Shuningdek, vazirlik Rossiya tomonining O‘zbekistonga ta’siri kuchayib borayotgani va O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan hamkorligini kuchaytirish mamlakat taraqqiyoti va havfsizligi uchun zarurligi to‘g‘risidagi yondashuvlarni ham “mutlaqo asossiz” ekanligini ta’kidlab, O‘zbekiston barcha hamkor davlatlari bilan “o‘zaro tenglik, hurmat va manfaatlarni hisobga olish tamoyillari asosidagi” tashqi siyosatni amalga oshirishini bildiradi.

“O‘zbekiston va Rossiyaning mudofaa vazirliklari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik asosi esa 2004-yil 16-iyuldagi O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik to‘g‘risidagi Bitim va 2005-yil 14-noyabrdagi Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi bitim hisoblanadi”, – deyiladi vazirlik munosabatida.