Mudofaa vazirligida armiya sporti takomillashtiriladi

  • 15:18 / 20.05.2020
  • 173

Joriy yil 19-may kuni “O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligida armiya sportini yanada rivojlantirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot telegram kanali xabar berdi.

Ushbu qarorga muvofiq, Mudofaa vazirligi Sport klubi Mudofaa vazirligi Oliy sport natijalarini rivojlantirish markaziga aylantirildi. Markaz vazirlik markaziy apparatining mustaqil boshqarmasiga tenglashtirilgan muassasa hisoblanadi.

Ommalashtirilayotgan sport turlarini rivojlantirish, mamlakat va Mudofaa vazirligi qo‘shinlari sport terma jamoalari uchun harbiy xizmatchi, xizmatchi va o‘quvchi sportchilar orasidan yuqori toifali sportchilarni tayyorlash Markazning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.

Qaror bilan Mudofaa vazirligida armiya sportini tashkil etish to‘g‘risidagi nizom hamda vazirlikda armiya sportini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.  

Nizomga muvofiq, armiya sportiga Olimpiya, ommaviy, milliy, harbiy-amaliy hamda texnik va amaliy sport turlari kiradi. Nizom bilan shuningdek, bir qator vazirlik va idoralarning armiya sportini rivojlantirish sohasida asosiy vazifalari belgilab berildi, deyiladi xabarda.