Mustaqillikning 30 yilligiga bag‘ishlangan Istiqlol majmuasi Qibrayda quriladi 

  • 17:57 / 01.05.2021
  • 114

Mustaqillikning 30 yilligiga bag‘ishlangan Istiqlol majmuasi Qibrayda quriladigan bo‘ldi.

Bu haqda bugun, 1-may kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning Toshkent viloyati Qibray tumanida barpo etilayotgan bog‘ hududiga tashrifida ma’lum qilindi.

Mazkur bog‘ loyihasi davlat rahbari ishtirokida joriy yil 25-fevral kuni muhokama qilingan edi. Ayni paytda unga ilk ko‘chatlar ekildi.
Shu munosabat bilan bu yerga parlament va hukumat a’zolari, Toshkent shahri jamoatchiligi, nuroniylar, ilm-fan va san’at vakillari, sportchilar, yoshlar yig‘ildi.

– Bugungi muborak Ramazon kunlarida sizlar bilan ko‘rishib turganimdan xursandman. Xalqimiz uchun munosib sharoitlar yaratish bo‘yicha ko‘p ishlarni boshlaganmiz. Xudo xohlasa, mana shu bahavo joyda 104 gektarlik bog‘ barpo etmoqchimiz. Bu xayrli ishning boshlanishi hozirgi ulug‘ ayyom kunlariga to‘g‘ri kelgani ham xosiyatli, deb o‘ylayman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qayd etilishicha, bog‘ga kelgusida kashtan, eman, chinor, lola, lipa bog‘lari barpo etilib, noyob manzarali daraxtlar, butalar va gullar ekiladi. Sun’iy ko‘l, sport maydonlari, bolalar o‘yingohlari, favvoralar quriladi.

Shuningdek, mustaqillikning 30 yilligiga bag‘ishlangan Istiqlol majmuasi ham shu yerda barpo etiladi.

Prezident bu majmuaning tarixiy-g‘oyaviy ahamiyatini ta’kidladi.
– Bu yil mustaqilligimizning 30 yilligini nishonlaymiz. Lekin davlatchiligimiz 3 ming yillik. Bu ana shu buyuk tarixni ko‘rsatadigan majmua bo‘ladi. Bu yerga kelgan yoshlarimiz, chet ellik mehmonlar ham shuni anglaydigan dalillar aks ettiriladi, – dedi davlat rahbari.

Prezident shuningdek, bu bog‘ga “Yangi O‘zbekiston” deb nom berishni taklif etdi. Yig‘ilganlar bu taklifni qo‘llab-quvvatladi.

Davlat rahbari jamoatchilik bilan birga yangi boqqa ko‘chatlar o‘tqazdi.

Avval xabar qilinganidek, mazkur bog‘ning yonida Olimpiya shaharchasi ham bunyod etiladi.

Eslatib o‘tamiz, 23-aprel kuni bo‘lib o‘tgan Senat yalpi majlisida qurilish vaziri Botir Zokirov O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan “Istiqlol” majmuasi konsepsiyasi loyihasi yaqin kunlarda tasdiqlanishi haqida ma’lum qilgan edi.

Avvalroq esa mustaqillikning 30 yilligiga bag‘ishlangan “Istiqlol” majmuasida o‘rnatiladigan stela Toshkent shahri hududidagi “Moviy gumbazlar” restorani yoniga o‘rnatilishi aytilgan va bu shahar aholisining ko‘plab e’tirozlariga sabab bo‘lgan edi.