Namangan va Samarqandda umumiy miqdori $19 minglik yer sotish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari aniqlandi

  • 15:37 / 25.06.2021
  • 144

Yer maydonlari Namanganda 10 sotix, Samarqandda esa 1,48 gektarni tashkil etgan.

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda DXXning viloyat boshqarmalari tomonidan Namangan viloyatida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Unda fuqaro A.N. boshqa bir fuqaro M.ning ishonchiga kirib, unga 7 000 AQSh dollari evaziga Kosonsoy tumani, Jar MFY hududidan uy-joy qurish uchun tanishlari orqali 10 sotix yer maydoni ajratib berishni va’da qilib, oldindan 500 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. 

Xuddi shunday,  Departament hamda DXXning Samarqand viloyati Urgut tumani bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, tumandagi “N.” oilaviy korxonasi rahbari S.N. “J.” agrofirmasi hududidagi limon yetishtirishga ixtisoslashgan 1,48 gektar yer maydonini fuqaro M.ga 12 000 AQSh dollariga firibgarlik yo‘li bilan sotmoqchi bo‘lgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Ma’lum bo‘lishicha, hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.