Namanganda ayol farzandini tanasiga bog‘lab o‘zini “Norin”ga tashladi

  • 09:25 / 22.04.2021
  • 201

Namanganda 38 yoshli ayol o‘zi va farzandining joniga qasd qilish maqsadida 4 yoshli bolasi bilan birgalikda “Norin” daryosiga tashlamoqchi bo‘ldi.

Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 22-aprel kuni tungi soat 01:20 larda Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanidan oqib o‘tuvchi “Norin” daryosi ustida joylashgan ko‘prik qirg‘og‘iga tushgan notanish ayol noma’lum sabablarga ko‘ra, farzandi bilan birgalikda suvga tashlagan.

Bu vaqtda, ushbu hududda xizmat olib borayotgan Milliy gvardiya Qo‘riqlash boshqarmasi xodimi hamda voqea joyidan o‘tib ketayotgan yo‘lovchi fuqaro A.A. lar hodisa guvohi bo‘lishgan. Ular tomonidan ona va bola qutqarilib, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan hamda tuman tibbiyot birlashmasiga olib borilgan.

Dastlabki surishtiruvlar davomida ushbu ayol Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanida yashovchi, 1983-yilda tug‘ilgan fuqaro X.M. bo‘lib 2017-yilda tug‘ilgan farzandini o‘ziga bog‘lagan holda suvga tashlagani ma’lum bo‘lgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Uchqo‘rg‘on tuman IIB tomonidan surishtiruv ishlari davom etmoqda.