Namanganda kuzatilgan sel hodisasida yuzdan ortiq fuqaro xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilindi

  • 17:18 / 21.07.2021
  • 71


Joriy yilning 20-iyul kuni Namangan viloyati hududida kuchli yomg‘ir va do‘l yog‘ishi oqibatida Namangan shahar, Kosonsoy, To‘raqo‘rg‘on hamda Uychi tumanlarining ayrim mahallalarida aholi yashash xonadonlari, ko‘chalarga suv toshish holatlari kuzatilgan.

Hodisa joylariga maxsus avtomobillar va xizmatchilar yong‘in qutqaruv qismi shaxsiy tarkibi shu bilan birga hamkor tashkilotlardan 80 ta texnika va 584 nafar ishchi xodimlari jalb etildi. Yomg‘ir va do‘l yog‘ishi oqibatida sodir bo‘lgan suv sel toshqini natijasida aholi yashash xonadonlarida to‘planib qolgan suvlarni tortish ishlari amalga oshirilmoqda. 

Namangan shahar “Yuksalish” MFYda joylashgan 4, 5, 6-ko‘p qavatli uylarni yerto‘lasida suv to‘planganligi sababli ko‘p qavatli uyda yashovchi 100 nafar fuqarolar xavfsiz hududga evakuatsiya qilinib, to‘planib qolgan suvlarni 4 ta yong‘in qutqaruv avtomobili va 8 ta suv tortish nasoslari (motopompa) orqali tortish choralari ko‘rilgan. 

Shu bilan bir qatorda Namangan shahar Davlatobod tumani “Yelixon” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan oqib o‘tuvchi Shishaki soy yaqinida joylashgan 7 ta xonadondagi 32 nafar fuqaro xavfsiz hududga evakuatsiya qilingan.

Shuningdek, Pop tumani, Imomota mahalla fuqarolar yig‘ini hududida kuchli yomg‘ir yog‘ishi oqibatida sel kelishi kuzatilgan.
Sel toshqini oqibatida zararlangan yo‘llarda qayta ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Jabrlangan, tan jarohati olganlar yo‘q. 

Viloyat hokimligi fuqarolardan vahimaga berilmaslik va ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri ma’lumotlarni tarqatmaslikni so‘ramoqda.